Samarqandda Yosh parlament aʼzolarining XII global konferensiyasi boshlandi
Sentabr 04, 2026. 10:30 • 2 daq
• 276SAMARQAND, 4-sentabr. /“Dunyo” AA/. Samarqanddagi “Buyuk ipak yo‘li” (Silk Road Samarkand) xalqaro turizm markazida “Murakkab davrda inson huquqlari, adolat va inson qadr-qimmatini tiklash yo‘lida” mavzusida Yosh parlament aʼzolarining XII global konferensiyasi boshlandi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Ushbu nufuzli tadbir O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati hamda Parlamentlararo ittifoq hamkorligida tashkil etildi. Xalqaro anjumanda dunyoning 58 ta mamlakatidan yosh parlament aʼzolari, 11 ta xalqaro tashkilot vakillaridan iborat 250 nafarga yaqin ishtirokchi qatnashmoqda.
Konferensiyada ishtirok etish uchun yurtimizga Parlamentlararo ittifoq vakillari, Buyuk Britaniya, Xitoy, Rossiya, Kanada, Turkiya, Germaniya, Irlandiya, Jazoir, Zimbabve, Kot-d‘Ivuar, Ozarbayjon, Pokiston, Seyshel orollari, Urugvay, Uganda, Namibiya, Shveysariya, Shimoliy Makedoniya, Eron, Bahrayn, Nigeriya, Mavritaniya, Janubiy Afrika, Kambodja hamda mintaqamiz mamlakatlari parlamentlari delegatsiyalari tashrif buyurdi.
Konferensiyaning ochilish marosimida Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva davlatimiz rahbarining forum qatnashchilariga yo‘llagan tabrigini o‘qib eshittirdi.
Tabrikda O‘zbekiston BMTning “Yoshlar – 2030” strategiyasini jadal amalga oshirayotgan dunyoning o‘nta yetakchi davlati qatoridan o‘rin olayotgani qayd etildi. Mamlakatimiz global yoshlar taraqqiyoti indeksida eng tez rivojlanayotgan davlatlardan biri sifatida eʼtirof etilgan.
Konferensiya doirasida ishtirokchilar dolzarb global muammolar, inson huquqlari va inson qadr-qimmatini himoya qilish, adolat tamoyillarini mustahkamlash, tinchlik va barqarorlikni taʼminlash masalalariga alohida to‘xtalib o‘tmoqda.
Shu bilan birga, Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda yoshlarning roli bilan bog‘liq masalalar muhokama qilinib, ularning qaror qabul qilish jarayonidagi ishtirokini kengaytirish bo‘yicha fikr-mulohazalar almashilmoqda. Yosh avlodning parlament faoliyatidagi ishtirokini oshirishga alohida eʼtibor qaratilayapti.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi


