O‘zbekiston pavilyoni ilk bor Malayziyadagi qishloq xo‘jaligi, bog‘dorchilik va agroturizm xalqaro ko‘rgazmasida namoyish etilmoqda
Sentabr 04, 2026. 21:00 • 2 daq
• 2KUALA-LUMPUR, 4-sentyabr. /“Dunyo” AA/. Malayziyadagi “MAHA 2026” xalqaro qishloq xo‘jaligi, bog‘dorchilik va agroturizm ko‘rgazmasida ilk bor O‘zbekiston milliy pavilyoni tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbir 28-avgustdan 6-sentyabrga qadar Selangor shtatidagi Malayziya agroekspozitsiya bog‘i (MAEPS)da bo‘lib o‘tmoqda.
O‘zbekiston ekspozitsiyasida 10 nafardan ortiq mahalliy tadbirkor ishtirok etib, 100 ga yaqin turdagi mahsulotlarni taqdim etmoqda. Ular orasida sarxil va quritilgan mevalar, konserva mahsulotlari, sharbatlar, shirinliklar, mineral o‘g‘itlar hamda milliy hunarmandchilik buyumlari bor.
O‘zbekiston pavilyoniga Malayziya qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat xavfsizligi vaziri Mohamad bin Sabu va boshqa rasmiy shaxslar tashrif buyurdi. Ular O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlarining sifati, xilma-xilligi hamda eksport salohiyatini yuqori baholadi.
Ko‘rgazma doirasida O‘zbekiston delegatsiyasi Malayziyaning davlat tuzilmalari, yirik kompaniyalari va tadbirkorlari bilan muzokaralar o‘tkazmoqda. Xususan, Malayziya qishloq xo‘jaligi tadqiqotlari va ishlanmalari instituti (MARDI), Qishloq xo‘jaligi marketingi federal agentligi (FAMA), Baliqchilik departamenti va “Padiberas Nasional Berhad” (BERNAS) kompaniyasi bilan hamkorlik to‘g‘risida kelishuvlarga erishildi.
Tomonlar o‘zbekistonlik mutaxassislarni tayyorlash, ilmiy stajirovkalarni tashkil etish, o‘simlikshunoslik va sholichilikda Malayziya tajribasini joriy etish, shuningdek, agroturizmni rivojlantirish masalalarini ko‘rib chiqmoqda.
MAHA Janubi-Sharqiy Osiyodagi eng yirik qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat ko‘rgazmalaridan biri hisoblanadi va har ikki yilda bir marta o‘tkaziladi. O‘zbekistonning MAHA ko‘rgazmasidagi ishtiroki mamlakatimiz mahsulotlarini xalqaro bozorlarda, jumladan, Malayziya va Janubi-Sharqiy Osiyoning boshqa davlatlarida ilgari surishni kengaytirish hamda yangi savdo hamkorlarini jalb etishga qaratilgan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi


