Eyndxovenda O‘zbekistonning sayyohlik salohiyati va madaniyati taqdimot qilindi
Iyul 04, 2026. 14:49 • 2 daq
• 28EYNDXOVEN, 4-iyul. /“Dunyo” AA/. Niderlandiyaning Eyndxoven shahrida yurtimizning sayyohlik salohiyati, milliy merosi va zamonaviy jozibadorligini keng targ‘ib qilishga qaratilgan madaniy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbir O‘zbekistonning Bryusseldagi elchixonasi tomonidan “Vatandoshlar” jamoat fondi va Eyndxoven markaziy kutubxonasi bilan hamkorlikda tashkil etildi. Unda Niderlandiya jamoatchilik va madaniyat doiralari vakillari, mahalliy aholi hamda o‘zbek diasporasi a’zolari ishtirok etdilar.
Dastur doirasida “Zakovat” intellektual o‘yini, O‘zbekistonning sayyohlik imkoniyatlari taqdimoti hamda milliy madaniyatimiz namunalari namoyishi tashkil etildi.
Taqdimot davomida xorijlik ishtirokchilarga O‘zbekistonning boy tarixiy va madaniy merosi, qadimiy shaharlari, mehmondo‘stlik an’analari, hunarmandchilik san’ati, milliy pazandachilik maktabi hamda chet ellik sayyohlar uchun yaratilgan zamonaviy sharoitlar haqida batafsil ma’lumot berildi. Ayniqsa, yurtimizning o‘ziga xos hunarmandchilik an’analari yig‘ilganlarda katta qiziqish uyg‘otdi.
Tadbir doirasida qo‘l mehnati bilan tayyorlangan milliy liboslar va ipak adras-atlas (ikat) mahsulotlari ko‘rgazmasi tashkil etildi. Ushbu ko‘rgazma xorijliklarga o‘zbek milliy dizaynining betakrorligi, to‘qimachilik an’analarining boyligi va milliy hunarmandchilikning yuqori darajasini yaqqol namoyish etish imkonini berdi. Shuningdek, Eyndxoven kutubxonasida chet ellik kitobxonlar va tashrif buyuruvchilar uchun O‘zbekiston haqidagi taqdimot materiallari joylashtirildi.
Eyndxoven kutubxonasi rahbariyati va vakillari bo‘lib o‘tgan tadbirga yuqori baho berib, O‘zbekiston tomoni bilan hamkorlikni yanada rivojlantirishdan manfaatdor ekanliklarini bildirdilar. Ayniqsa, o‘zbek xalq ertaklari, bolalar adabiyoti, tarixiy va badiiy asarlarni niderland kitobxonlariga tanishtirish loyihalariga alohida qiziqish bildirildi.
O‘tkazilgan mazkur tadbir O‘zbekistonning ochiq, dinamik rivojlanayotgan va jozibador sayyohlik yo‘nalishi sifatidagi ijobiy nufuzini xalqaro maydonda mustahkamlashga xizmat qilib, xorijdagi vatandoshlar bilan aloqalarni yanada kuchaytirishda muhim amaliy qadam bo‘ldi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi



