O‘zbekiston va Belarus yetakchilari telefon orqali muloqot qildilar
Iyul 24, 2026. 17:05 • 2 daq
• 58
TOSHKENT, 24-iyul. /“Dunyo” AA/. Bugun O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Belarus Prezidenti Aleksandr Lukashenko o‘rtasida telefon orqali muloqot bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, suhbat avvalida Belarus yetakchisi O‘zbekiston Prezidentini tavallud kuni bilan samimiy qutlab, unga mustahkam sog‘liq, tuganmas kuch-g‘ayrat, davlatchilik faoliyatida yangi muvaffaqiyatlar, O‘zbekistonning ko‘p millatli xalqiga esa tinchlik va farovonlik tiladi.
O‘zbekiston – Belarus strategik sheriklik munosabatlarini O‘zbekiston Prezidentining joriy yil 8-9-iyul kunlari Minsk shahriga amalga oshirgan rasmiy tashrifida erishilgan kelishuvlarni bajarish doirasida yana-da rivojlantirishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.
Turli darajalarda samarali muloqotlar olib borilayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. O‘zaro tovar ayirboshlash hajmi barqaror o‘sib bormoqda. Ustuvor sohalarda kooperatsiya loyihalari amalga oshirilmoqda.
Faol tus olgan hududlararo hamkorlik va madaniy-gumanitar almashinuvlarni davom ettirish muhimligi taʼkidlandi.
O‘zbekiston Prezidenti matbuot xizmati arxividan olingan surat
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi