O‘zbekiston diplomatlari tomonidan Yaponiyaning Nagoya shahrida sayyor konsullik qabuli o‘tkazildi
Noyabr 07, 2026. 09:10 • 2 daq
• 143NAGOYA, 7-noyabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Yaponiyadagi elchixonasi diplomatlari tomonidan Aiti, Gifu, Kioto, Osaka prefekturalari va qo‘shni hududlarda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimiz uchun Nagoya shahrida sayyor konsullik qabuli tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Qabul jarayonida fuqarolarga turli konsullik-huquqiy masalalar bo‘yicha amaliy yordam ko‘rsatildi. Xususan, xorijga chiqish biometrik pasportlarini rasmiylashtirish uchun hujjatlar qabul qilindi, notarial harakatlar amalga oshirildi va fuqarolarning boshqa murojaatlari ko‘rib chiqildi.
Uchrashuvda Yaponiyada qonuniy yashash va mehnat faoliyatini yuritish, mahalliy qonunchilikka qat’iy rioya qilish, mamlakatda bo‘lish maqomini o‘z vaqtida uzaytirish hamda huquqbuzarliklarning oldini olish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Fuqarolar yashaydigan hududlarning o‘zida sayyor qabullarning tashkil etilishi ularning vaqti va moliyaviy xarajatlarini sezilarli darajada qisqartirish bilan birga, konsullik xizmatlarining yanada yaqin va qulay bo‘lishini ta’minlamoqda.
O‘zbekiston elchixonasi vatandoshlarimizning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish hamda xorijdagi fuqarolar bilan bevosita muloqotni yanada mustahkamlash maqsadida bu kabi tadbirlarni izchil davom ettirmoqda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi



