Seulda vatandoshimiz Shahlo Abdullayevaga “Shuhrat” medali topshirildi
Sentabr 11, 2026. 09:00 • 2 daq
• 202
SEUL, 11-sentabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Janubiy Koreyadagi elchixonasida vatandoshimiz Shahlo Abdullayevaga “Shuhrat” medalini tantanali topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Mukofot O‘zbekiston Prezidentining joriy yil 22-avgustdagi mamlakatimiz mustaqilligining o‘ttiz besh yilligi munosabati bilan xorijiy fuqarolar va chet elda yashayotgan vatandoshlarni mukofotlash to‘g‘risidagi farmoniga muvofiq topshirildi.
Koreya Respublikasining Kvanju shahridagi Migrant ayollar huquqlarini himoya qilish va taʼlim markazi rahbari Shahlo Abdullayeva islohotlarni qo‘llab-quvvatlash, O‘zbekistonning xalqaro nufuzini yuksaltirish, O‘zbekiston–Koreya do‘stlik aloqalarini rivojlantirish hamda madaniy-gumanitar hamkorlikni mustahkamlashga qo‘shgan hissasi uchun ushbu mukofotga sazovor bo‘ldi.
Marosimda Janubiy Koreya oliy o‘quv yurtlarida tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talabalar, ilmiy-tadqiqot va mehnat sohalarida band bo‘lgan yosh vatandoshlar, ikki davlat o‘rtasidagi madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirishga hissa qo‘shayotgan faollar ishtirok etdi.
O‘zbekiston elchisi Alisher Abdusalomov tadbirda so‘zga chiqib, Shahlo Abdullayevaning Koreyada istiqomat qilayotgan vatandoshlarimiz, ayniqsa, o‘zbek ayollarining huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish borasidagi ko‘p yillik samarali faoliyatini alohida eʼtirof etdi.
Shahlo Abdullayeva uzoq yillar davomida Kvanju shahridagi Migrant ayollar huquqlarini himoya qilish va taʼlim markazida o‘zbek tili bo‘yicha maslahatchi-tarjimon bo‘lib ishlagani, keyinchalik o‘z kasbiga professionalligi, tashabbuskorligi va fidokorona mehnati tufayli ushbu tashkilotga rahbar etib tayinlangani taʼkidlandi.
U o‘z faoliyati doirasida O‘zbekistondan Koreya Respublikasiga kelayotgan xotin-qizlarga taʼlim olish va zarur ko‘nikmalarni egallash, jamiyatga moslashish, ularning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish hamda ijtimoiy-maishiy masalalarini hal etishda ko‘maklashib kelmoqda.
Uning o‘zbek tili, milliy qadriyatlar va madaniy merosni targ‘ib etishga qo‘shgan hissasi alohida qayd etildi. Shahlo Abdullayeva Koreyadagi o‘zbekistonliklar uyushmasi qoshida tashkil etilgan “O‘zbek tili do‘stlari” klubi asoschilaridan biri bo‘lib, u yerda koreyslarning o‘zbek tilini o‘rganishiga ko‘maklashadi hamda ularni o‘zbek xalqining tarixi, madaniyati va anʼanalari bilan tanishtiradi.
Shahlo Abdullayeva bildirilgan yuksak ishonch uchun minnatdorlik bildirib, bundan buyon ham o‘z bilim va tajribasini O‘zbekiston–Janubiy Koreya munosabatlarini mustahkamlash, xorijdagi vatandoshlar, ayniqsa, xotin-qizlar va yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga hamda o‘zbek tili va milliy madaniyatini ommalashtirishga yo‘naltirishga tayyor ekanini maʼlum qildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi