Vatandoshimiz Britan Kengashining yuqori mukofoti short-listidan o‘rin oldi
Sentabr 02, 2026. 10:55 • 2 daq
• 147
LONDON, 2-sentyabr. /“Dunyo” AA/. Toshkentdagi Xalqaro Vestminster universiteti bitiruvchisi Mushtariy Madrahimova Britan Kengashi tomonidan ushbu mamlakat universitetlari bitiruvchilari uchun taʼsis etilgan mukofotning “Ijtimoiy harakatlar” nominatsiyasi bo‘yicha short-listiga kiritildi, deb xabar bermoqda “Dunyo”AA muxbiri.
Ushbu xalqaro mukofot o‘z kasbi, jamiyat va mamlakat rivojiga salmoqli hissa qo‘shgan Britaniya universitetlarining xorijiy bitiruvchilariga alohida yutuqlari uchun beriladi. Bu yil vatandoshimiz to‘rtta nominatsiya bo‘yicha butun dunyodan saralab olingan 28 nafar finalchi orasidan o‘rin oldi.
Mushtariy Madrahimova 2010-yilda Toshkentdagi Xalqaro Vestminster universitetini “Tijorat huquqi” mutaxassisligi bo‘yicha tamomlagan, shuningdek, Oksford universitetining Blavatnik nomidagi Davlat boshqaruvi maktabida davlat siyosati sohasida magistrlik darajasini olgan.
O‘tgan faoliyat yillarida u huquq va davlat boshqaruvi sohasida yuqori malakali mutaxassis sifatida o‘zini ko‘rsatdi, aholining odil sudlovga kirish imkoniyatlarini kengaytirish, halollik tamoyillarini mustahkamlash va O‘zbekistonda jamoatchilik tashabbuslarini rivojlantirishga faol ko‘maklashdi.
U faol ishtirok etgan eng muhim loyihalardan biri butun mamlakat bo‘ylab, ayniqsa chekka va qishloq hududlari aholisidan iborat 4 milliondan ortiq inson foydalangan “Madad” bepul yuridik yordam ko‘rsatish umummilliy tizimining tashkil etilishi bo‘ldi.
Mushtariy Madrahimova yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga, jumladan, O‘zbekistonning chekka hududlaridan kelgan yoshlarga ustozlik qilishga, ularni sifatli taʼlim olishga, jamoat hayotida ishtirok etishga va o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarishga undashga alohida eʼtibor qaratmoqda.
Vestminster universitetida uning BMT Barqaror rivojlanish maqsadlarini ilgari surishga qo‘shgan salmoqli hissasi eʼtirof etildi. Uning kasbiy yo‘li taʼlim va masʼuliyatli yetakchilik ijobiy ijtimoiy o‘zgarishlarga qanday hissa qo‘shishi mumkinligining yorqin namunasidir.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi