O‘zbekiston Bosh konsulxonasi Nijnekamskda halok bo‘lgan 7 nafar yurtdoshimizning jasadini vataniga qaytarish choralarini ko‘rmoqda
Avgust 10, 2026. 16:30 • 2 daq
• 185
QOZON, 10-avgust. /“Dunyo” AA/. Bugun ertalab Tatariston Respublikasining Nijnekamsk shahrida joylashgan qator obyektlarga uchuvchisiz uchar qurilmalar yordamida uyushtirilgan hujum oqibatida 13 kishi halok bo‘ldi, 48 kishi turli darajada tan jarohati oldi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
O‘zbekistonning Qozon shahridagi Bosh konsulxona vakillarining maʼlum qilishicha, hodisa oqibatida 7 nafar O‘zbekiston fuqarosi (A.D.K., U.S.A., B.O.M., A.R.E., X.D.R., X.F.F. va I.D.F.) vafot etgan. Ularning barchasi yotoqxonada istiqomat qilib, “Yamata” qurilish kompaniyasida mehnat qilgan.
Bosh konsulxona halok bo‘lgan yurtdoshlarimizning oila aʼzolari va yaqinlariga chuqur hamdardlik izhor etib, mazkur vaziyat nazoratga olinganini maʼlum qildi. Fojiali hodisa tafsilotlarini aniqlash maqsadida mahalliy mutasaddi idoralar va tergov organlari bilan zarur aloqalar o‘rnatilgan.
Sud-tibbiy ekspertizasi va zarur rasmiy tartib-taomillar yakunlangach, marhumlarning jasadlarini vataniga qaytarish choralari ko‘rilishi xabar qilinmoqda.
Tataristonda Nijnekamskka uchuvchisiz uchar qurilmalar hujumi oqibatida halok bo‘lganlar xotirasiga motam eʼlon qilindi.
Inkazan.ru portali surati
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi