Polshadagi elchixona ko‘magida ona va bola Vatanga qaytarildi

Avgust 07, 2026. 16:00 • 2 daq

171
Polshadagi elchixona ko‘magida ona va bola Vatanga qaytarildi

VARSHAVA, 7-avgust. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchixonasi vakillari xorijda murakkab vaziyatga tushib qolgan hamyurtimiz va uning voyaga yetmagan farzandining Vatanga qaytishida ko‘maklashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Maʼlum qilinishicha, Varshava shahrida istiqomat qilib kelgan vatandoshimiz D.M. elchixonaga murojaat qilib, voyaga yetmagan o‘g‘li bilan birga O‘zbekistonga qaytishda yordam so‘ragan.

Qorako‘llik yurtdoshimizning o‘g‘li Ukrainada dunyoga kelgan. Ular 2022-yilda Polshaga kelgan va shu vaqtdan buyon Varshava shahrida yashab kelgan.

Murojaatni ko‘rib chiqish jarayonida elchixona diplomatlari ona va farzandiga O‘zbekistonga qaytish guvohnomalarini rasmiylashtirish bo‘yicha zarur konsullik-huquqiy yordam ko‘rsatdi.

Ushbu fuqarolar avval hech qanday rasmiy hujjatlar bilan taʼminlanmagan edi. Ularning shaxsiga oid maʼlumotlar hamda zarur hujjatlarni rasmiylashtirish uchun kerakli maʼlumotlar O‘zbekistonning Ukrainadagi elchixonasi konsullik bo‘limi arxividan olindi.

Diplomatlar O‘zbekiston Migratsiya agentligi bilan hamkorlikda ona va bola uchun aviachiptalar xarid qilib, ularning yurtga qaytishini tashkil etdi. Ko‘rilgan choralar natijasida vatandoshimiz va uning farzandi Varshava–Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha O‘zbekistonga sog‘-omon qaytarildi.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish