O‘zbekiston elchisi MDXMIda tahsil olayotgan vatandosh talabalar bilan uchrashdi
Noyabr 09, 2026. 17:10 • 2 daq
• 118MOSKVA, 9-noyabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchisi Botirjon Asadov Moskva davlat xalqaro munosabatlar instituti (MDXMI)da tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talabalar bilan ochiq muloqot o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Uchrashuvda MDXMI prorektorlari Artyom Malgin, Stanislav Surovsev hamda universitet professor-o‘qituvchilari ham ishtirok etdi.
Muloqot davomida O‘zbekiston tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishlari, mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlar va O‘zbekiston–Rossiya munosabatlarining rivojlanishi haqida so‘z yuritildi.
Rossiyada tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talabalarni qo‘llab-quvvatlash, ularning ta’lim olishi va yashashi uchun qulay sharoitlar yaratish hamda kelgusida kasbiy faoliyatini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Alohida e’tibor Rossiya hududida bo‘lish bilan bog‘liq migratsiya talablariga qaratildi. Talabalarga migratsiya qonunchiligiga rioya qilish, migratsiya hisobini o‘z vaqtida rasmiylashtirish va uzaytirish, “Amina” mobil ilovasidan to‘g‘ri foydalanish bo‘yicha tavsiyalar berildi.
Ochiq muloqot davomida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olish, taklif va mulohazalarini bildirish imkoniga ega bo‘ldi. Yoshlarning mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotidagi ishtiroki, milliy qadriyatlarni asrash va olgan bilimlarini O‘zbekiston taraqqiyoti yo‘lida qo‘llash masalalari ko‘rib chiqildi.
Elchi xorijda tahsil olayotgan o‘zbek yoshlari mamlakatning muhim intellektual va kadrlar salohiyati ekanini ta’kidlab, sifatli ta’lim olish, faol fuqarolik pozitsiyasi va kasbiy kamolotning ahamiyatiga e’tibor qaratdi.
Uchrashuv yakunida MDXMI rahbariyati O‘zbekiston elchixonasi va talabalar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash, akademik va madaniy-gumanitar aloqalarni amalga oshirishga tayyorligini bildirdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi



