O‘zbekiston Prezidenti Yuqori Chirchiqdagi yirik elektrotexnika korxonasi imkoniyatlari bilan tanishdi

Noyabr 09, 2026. 15:50 • 3 daq

• 38
O‘zbekiston Prezidenti Yuqori Chirchiqdagi yirik elektrotexnika korxonasi imkoniyatlari bilan tanishdi

TOSHKЕNT, 9-noyabr. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumanidagi “NURA Electric” zavodiga tashrif buyurib, ishlab chiqarish jarayonlari va tayyor mahsulotlar ko‘rgazmasi bilan tanishdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, “NURA Electric” yuqori va past kuchlanishli elektrotexnika uskunalarini to‘liq texnologik sikl asosida ishlab chiqarishga ixtisoslashgan yirik korxonadir. Uning faoliyati energetika tarmog‘ini mahalliy mahsulotlar bilan ta’minlash, importga bog‘liqlikni kamaytirish va sohada sanoat kooperatsiyasini kengaytirishga xizmat qilmoqda.

20 gektar maydonda barpo etilgan zavodga 50 million dollar investitsiya kiritilgan. Bu yerda 1 mingdan ortiq ish o‘rni yaratilib, 1,5 mingdan ziyod turdagi mahsulot ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan. Jumladan, 0,4-500 kilovolt kuchlanishli taqsimlash qurilmalari, nimstansiyalar, qayta tiklanuvchi energiya manbalari uchun avtomatika shkaflari, elektr shinalar va metall konstruksiyalar tayyorlanmoqda. Korxonaning yillik quvvati 25 mingdan ortiq uskunani tashkil etadi.

Zavod zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan. Xususan, bu yerda Yaponiyaning “Amada” kompaniyasiga mansub raqamli boshqaruvli dastgoh va presslar, shuningdek, Turkiyaning “Durma” va “Teslabend” kompaniyalarining yuqori texnologik uskunalari o‘rnatilgan. Ularning umumiy soni 120 tadan oshadi.

Korxonaning ishlab chiqarish va boshqaruv jarayonlari “SAP ERP” yagona raqamli platformasi orqali muvofiqlashtiriladi. Jarayonlarni optimallashtirish hamda mahsulot va butlovchi qismlarni mahalliylashtirish hisobiga mahsulot tannarxini 10 foizgacha pasaytirishga erishilgan.

Majmuada akkreditatsiyadan o‘tgan sinov laboratoriyasi faoliyat yuritmoqda. Mahsulotlar xalqaro ISO standartlari talablariga muvofiq ishlab chiqariladi. Korxona uskunalarni to‘liq butlash, mahsulotlarni o‘z laboratoriyasida sinovdan o‘tkazish va kecha-kunduz servis xizmati ko‘rsatish imkoniyatlariga ega.

Malakali muhandis-texnik kadrlar tayyorlash maqsadida “O‘zenergoinjiniring” aksiyadorlik jamiyati va Toshkent davlat texnika universiteti bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Har yili universitetning 100 nafardan ortiq talabasi korxonada haq to‘lanadigan ishlab chiqarish amaliyotini o‘taydi.

Davlatimiz rahbari zavodda mahalliy xomashyo va zamonaviy texnologiyalar asosida ishlab chiqarilgan transformator stansiyalari, taqsimlash qurilmalari hamda boshqa energetika uskunalari ko‘rgazmasini ko‘zdan kechirdi.

Shuningdek, korxonada amalga oshirilayotgan ishlar, ishlab chiqarish quvvatlari va istiqboldagi rejalar yuzasidan taqdimotlar bilan tanishdi, xodimlar bilan suhbatlashib, ular uchun yaratilgan mehnat sharoitlari haqidagi fikr-mulohazalarini tingladi.

Prezidentimiz korxonaning ishlab chiqarish imkoniyatlari va mahsulotlar sifatini yuqori baholadi. Ichki bozor talabini qondirish bilan birga Markaziy Osiyo va boshqa xorijiy bozorlarga eksportni kengaytirish, sohaga yuqori malakali mahalliy mutaxassislarni jalb etish yuzasidan tavsiyalar berdi.

– Biz faqat mahsulot emas, injiniring xizmatlarini ham eksport qilishimiz kerak. Buning uchun o‘zimizda shakllanayotgan loyihalashtirish va sinov laboratoriyalari imkoniyatlaridan keng foydalanishimiz zarur, – dedi davlatimiz rahbari.

Ehtiyot va butlovchi qismlar turini ko‘paytirish, ularni ishlab chiqarish hajmini oshirish hamda servis xizmatlari ko‘lamini kengaytirish zarurligi qayd etildi.

Energetika sohasidagi loyihalarda mahalliylashtirish darajasini oshirish muhimligi alohida ta’kidlandi. Xususan, loyihalarni ishlab chiqishda mahalliy loyiha institutlarining ulushini kamida 50 foizga yetkazish vazifasi qo‘yildi.

– O‘zimizning loyihachilarimizga ishonishimiz, ularga sharoit yaratishimiz kerak. Xorijda o‘qigan, tajriba orttirgan yoshlarimiz bor. Ularning atrofida mutaxassislarni birlashtirib, buyurtma bilan ta’minlasak, bu sohani rivojlantirishga qodirmiz, – dedi Prezidentimiz.

Shu maqsadda hududlarda energetika sohasiga ixtisoslashgan loyiha institutlarining filiallari tashkil etilishi belgilandi.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish