Andijon va Vitebsk viloyatlari investitsiya hamda savdo hamkorligini kengaytirmoqda

Oktabr 18, 2026. 14:30 • 2 daq

• 108
Andijon va Vitebsk viloyatlari investitsiya hamda savdo hamkorligini kengaytirmoqda
Andijon va Vitebsk viloyatlari investitsiya hamda savdo hamkorligini kengaytirmoqda

VITEBSK, 18-oktyabr. /“Dunyo” AA/. Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov boshchiligidagi delegatsiya oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish maqsadida Belarusning Vitebsk viloyatiga tashrif buyurdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Hududlararo hamkorlikni amaliy rivojlantirishga qaratilgan tashrif dasturi doirasida investitsiya loyihalari ishga tushirildi hamda uzoq muddatli tijorat shartnomalari imzolandi. Xususan, Ushachi tumanida “Andijon–Mayak” fermer xo‘jaligi ish boshladi, Vitebsk shahrida esa “Andijon” restorani ochildi.

Gorodok tumanida chorvachilik majmuasi – “Navro‘z” agroklasteri quriladigan joyga tamal toshi (kapsula) qo‘yish marosimi bo‘lib o‘tdi. Loyihada 4 ming boshgacha qoramol boqish, kushxona va qayta ishlash sexi hamda turar joy infratuzilmasini barpo etish ko‘zda tutilgan.

Marosimda so‘zga chiqqan Vitebsk viloyati ijroiya qo‘mitasi raisi Aleksandr Rogojnik loyihaning ikki tomonlama munosabatlar uchun ahamiyatini alohida ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu tashabbus O‘zbekiston va Belarus Prezidentlari – Shavkat Mirziyoyev hamda Aleksandr Lukashenkoning o‘zaro hamkorligi samarasi bo‘lib, ikki mamlakat xalqlari o‘rtasidagi do‘stlik o‘zaro manfaatli biznesni rivojlantirishga asos bo‘lib xizmat qilmoqda.

Ayni paytda Vitebsk viloyatida o‘zbek sarmoyasi ishtirokida chorvachilik tarmog‘ini rivojlantirayotgan 20 ga yaqin fermer xo‘jaligi faoliyat yuritmoqda.

Savdo aloqalari ham kengayib bormoqda. Vitebskdagi “Andijon” savdo uyi orqali Belarus bozoriga Andijon viloyatidan yirik partiyalarda to‘qimachilik hamda meva-sabzavot mahsulotlari muntazam yetkazib berilmoqda.

Tashrif doirasida delegatsiya P.M.Masherov nomidagi Vitebsk davlat universitetida o‘zbekistonlik talabalar bilan ham uchrashdi. Oliygoh rektori Valentina Bogatiryova bilan o‘tkazilgan muzokaralar chog‘ida investitsiya loyihalari ehtiyojlarini inobatga olgan holda mutaxassislar tayyorlash va bitiruvchilarni kelgusida iqtisodiyot tarmoqlarida ish bilan ta’minlash masalalari muhokama qilindi.

Andijon viloyati hokimining amaliy tashrifi Belarus ommaviy axborot vositalarida keng yoritildi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish