O‘zbekiston va Belarus o‘rtasida huquqiy axborot sohasida hamkorlik memorandumi imzolandi
Oktabr 16, 2026. 10:00 • 2 daq
• 171MINSK, 16-oktabr. /“Dunyo” AA/. Minskda o‘tkazilayotgan VIII kuzgi ilmiy sessiya tadbirlari doirasida O‘zbekiston delegatsiyasining Belarus Milliy huquqiy axborot markazi (MHAM)ga tashrifi amalga oshirildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Xizmat safari davomida O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Qonunchilik va huquqiy siyosat instituti direktori o‘rinbosari Vosidjon Ergashev hamda MHAM rahbariyati vakillari – Andrey Matelskiy, Irina Chuprakova va Vadim Pavlov o‘rtasida muzokaralar o‘tkazildi.
Delegatsiya tarkibidagi O‘zbekiston Adliya vazirligi huzuridagi “Adolat” huquqiy axborot markazi vakillari Qavomiddin Xujjatov va Zulayho Nosirova ham sohaga oid qator uchrashuvlarda qatnashdi.
O‘zbekistonlik mutaxassislar Belarusda huquqiy hujjatlarni rasmiy e’lon qilish, ularga uslubiy va yuridik ishlov berish, etalon bank tizimini yuritish hamda media makonda zamonaviy texnologiyalarni qo‘llash tajribasini o‘rgandi. Ular suhbat jarayonida belaruslik hamkasblari bilan soha istiqbollari yuzasidan fikr almashdilar.
Uchrashuvda ikki davlatning yetakchi tadqiqot va axborot tuzilmalari – O‘zbekiston Qonunchilik va huquqiy siyosat instituti hamda Belarus Milliy huquqiy axborot markazi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi va istiqboldagi qo‘shma rejalar belgilab olindi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi

