Fransiya kompaniyalari Yangi Toshkentda transport va kommunal infratuzilmani rivojlantirish loyihalari bilan tanishdi

Oktabr 29, 2026. 16:00 • 2 daq

• 185
Fransiya kompaniyalari Yangi Toshkentda transport va kommunal infratuzilmani rivojlantirish loyihalari bilan tanishdi
Fransiya kompaniyalari Yangi Toshkentda transport va kommunal infratuzilmani rivojlantirish loyihalari bilan tanishdi

TOSHKЕNT, 29-oktabr. /“Dunyo” AA/. Fransiya Yevropa va tashqi ishlar vazirining shaharlar va transportni barqaror rivojlantirish masalalari bo‘yicha maxsus vakili Jerar Volf boshchiligidagi fransuz kompaniyalari vakillaridan iborat delegatsiya O‘zbekistonga tashrif buyurdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tashrif doirasida O‘zbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligida muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Unda Fransiyaning “Alstom”, “SUEZ”, “Veolia”, “EDF”, “MND”, “Dassault Systèmes”, “IVECO”, “Wilmotte & Associés” kabi kompaniyalari vakillari ishtirok etdi.

Tomonlar energetika, transport, suv ta’minoti, kommunal xo‘jalik, raqamlashtirish, turizm va shaharsozlik sohalariga Fransiya investitsiyalari hamda zamonaviy texnologiyalarini jalb qilish imkoniyatlarini ko‘rib chiqdi. Shahar infratuzilmasini modernizatsiya qilish va kommunal tizimlar samaradorligini oshirishga alohida e’tibor qaratildi.

Fransiya delegatsiyasi Yangi Toshkentga ham tashrif buyurib, hamkorlikning aniq yo‘nalishlarini muhokama qildi. Yangi shahar bilan tramvay qatnovini yo‘lga qo‘yish, suv tozalash tizimlarini rivojlantirish, issiqlik ta’minotini modernizatsiya qilish, qayta tiklanuvchi energiya manbalari va “aqlli shahar” texnologiyalarini joriy etish, turizm infratuzilmasini rivojlantirish shular jumlasidandir.

Bundan tashqari, ishtirokchilar Fransiya taraqqiyot agentligi va ixtisoslashgan fransuz kompaniyalari bilan hamkorlikni kengaytirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqdi.

Uchrashuvlar yakunida ishtirokchilar qo‘shma investitsiya tashabbuslarini ilgari surishdan manfaatdor ekanini ta’kidladi.

Ushbu ikki tomonlama hamkorlik O‘zbekistonda zamonaviy shahar infratuzilmasini rivojlantirish va ustuvor loyihalarni amalga oshirishda Fransiyaning texnologik tajribasidan foydalanishni nazarda tutadi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish