O‘zbekiston va Vengriya soliq idoralari hamkorlikni kengaytirishga kelishib oldi

Iyun 20, 2026. 10:00 • 2 daq

100
O‘zbekiston va Vengriya soliq idoralari hamkorlikni kengaytirishga kelishib oldi

BUDAPЕSHT, 20-iyun. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Soliq qo‘mitasi vakillari hamda Vengriya Milliy soliq va bojxona ma’muriyati rahbariyati o‘rtasida ikki tomonlama muloqot tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Suhbat chog‘ida tomonlar ikki tomonlama sheriklikni yanada rivojlantirish hamda Yevropa soliq ma’muriyatlari tashkiloti (IOTA) doirasidagi aloqalarni kengaytirish istiqbollarini muhokama qildi.

Vengriya tomoni O‘zbekistonning xalqaro soliq hamjamiyatiga integratsiyalashuvini chuqurlashtirish borasidagi sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi hamda soliq ma’muriyatchiligini modernizatsiya qilishning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha tajriba almashishga tayyorligini ta’kidladi.

Uchrashuvda soliq organlarini raqamli transformatsiya qilish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. NTCA vakillari Vengriyaning onlayn hisob-fakturalar tizimini joriy etish, qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha deklaratsiyalarni oldindan to‘ldirish mexanizmi, xavf-xatarlarni tahlil qilish hamda soliq nazorati samaradorligini oshirish jarayonlarida sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanish bo‘yicha amaliy tajribasini taqdim etdi.

Muzokaralar jarayonida tomonlar soliq jarayonlarini raqamlashtirish bo‘yicha ekspertlar darajasidagi hamkorlikni faollashtirish, ikki mamlakat soha mutaxassislari o‘rtasida mavzuli maslahatlashuvlar o‘tkazish masalalari yuzasidan fikr almashdi.

Shu bilan birga, Budapeshtdagi Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotining Ko‘p tomonlama soliq markazi ta’lim dasturlarida O‘zbekiston vakillarining ishtirokini kengaytirish imkoniyatlarini ishlab chiqish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish