Logo

Pokiston bilan sog‘liqni saqlash sohasidagi hamkorlik rivojlantiriladi

Fevral 16, 2026. 12:48 • 2 daq

129
Pokiston bilan sog‘liqni saqlash sohasidagi hamkorlik rivojlantiriladi

ISLOMOBOD, 16-fevral. /“Dunyo” AA/. Mamlakatimiz elchixonasi ko‘magida O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari Alisher Boboyev va Pokiston Oliy taʼlim komissiyasi rahbari, Milliy sog‘liqni saqlash xizmati departamenti boshlig‘i Ziyo ul-Haq hamda Tibbiyot va stomatologiya kengashi rahbari Rahmat Bajva o‘rtasida onlayn uchrashuv tashkil etildi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Muloqotda O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasida o‘zaro hurmat va ishonch tamoyillariga asoslangan munosabatlar so‘nggi yillarda strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilgani taʼkidlandi. Oliy darajadagi o‘zaro tashriflar va faol muloqotlar barcha sohalar qatori sog‘liqni saqlash yo‘nalishidagi hamkorlikka ham qo‘shimcha surʼat bag‘ishlagani qayd etildi.

Pokiston vakillari Prezident Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida O‘zbekistonda sog‘liqni saqlash sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar va ularning samarali natijalari, malakali tibbiyot xodimlarini tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish, yangi oliy taʼlim muassasalarini tashkil etish hamda xalqaro hamkorlik yo‘nalishida ishlar bilan batafsil tanishtirildi.

Tomonlar O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasida sog‘liqni saqlash va tibbiy taʼlim sohalarida o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish masalalarini muhokama qildi.

O‘zbekistonda Pokiston farmatsevtika kompaniyalari tomonidan ishlab chiqarilgan dori vositalari va tibbiy buyumlar ro‘yxatdan o‘tkazilgani maʼlum qilindi.

Tibbiy taʼlim sohasida ham ijobiy dinamika qayd etildi. Xususan, bugungi kunda O‘zbekiston oliy taʼlim muassasalarida 1200 nafardan ortiq pokistonlik talaba tahsil olmoqda. O‘zbekiston tomoni tibbiyot amaliyoti, fundamental tibbiyot, kadrlar malakasini oshirish va qo‘shma ilmiy tadqiqotlar sohasidagi hamkorlikni yanada kengaytirishga tayyorligini bildirdi.

Pokiston vakillari sog‘liqni saqlash va taʼlim sohalarida amaliy hamkorlikka eʼtibor qaratish, jumladan, pokistonlik shifokorlarni O‘zbekistonga ishlash uchun yuborish, shuningdek, xususiy sektorda qo‘shma tibbiyot muassasalarini tashkil etish imkoniyatlarini ko‘rib chiqishga tayyorligini maʼlum qildi.

Uchrashuv yakunida hamkorlikning barcha belgilangan yo‘nalishlarini batafsil ishlab chiqish maqsadida Pokiston delegatsiyasining O‘zbekistonga safarini tashkil etish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish