O‘zbekiston va Vengriya oliy taʼlim va innovatsiya sohasida kelishuvlarga erishdi
Fevral 15, 2026. 11:22 • 51 soniya
• 101
BUDAPESHT, 15 fevral. /“Dunyo” AA/. Jizzax politexnika instituti rektori Alisher Usmonqulov taʼlim sohasida O‘zbekiston–Vengriya hamkorligini kengaytirish maqsadida Budapeshtga tashrif buyurdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tashrif davomida Obuda universiteti rektori Levente Kovach hamda ushbu oliy taʼlim muassasasining fakultet va ilmiy-tadqiqot institutlari rahbarlari bilan muzokaralar o‘tkazilib, tomonlar akademik, ilmiy va innovatsion hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlarini muhokama qildi.
Uchrashuvda ikki mamlakat oliy taʼlim muassasalari o‘rtasidagi sheriklikni kengaytirish, qo‘shma taʼlim dasturlari, ilmiy-tadqiqot loyihalari va innovatsion infratuzilmani rivojlantirishga qaratilgan qator kelishuvlarga erishildi.
Zamonaviy ilmiy-texnologik platformalarni yaratish, akademik almashinuvlarni kengaytirish, ilg‘or taʼlim amaliyotlarini joriy qilish, ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirish bo‘yicha qo‘shma tashabbuslarni ilgari surish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Tomonlar institutsional aloqalarni yana-da mustahkamlash, universitetlar o‘rtasidagi aloqalarni kengaytirish va O‘zbekistondagi oliy taʼlim islohotlarini qo‘llab-quvvatlash uchun vengriyalik hamkorlarning ilmiy-texnologik salohiyatini jalb qilishdan o‘zaro manfaatdor ekanini taʼkidladi.
Muloqot yakunida erishilgan kelishuvlar ikki mamlakatning tegishli idoralari, taʼlim muassasalari va manfaatdor tashkilotlarining yaqindan muvofiqlashtirishi ostida tizimli va bosqichma-bosqich amalga oshirilishi belgilab qo‘yildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi
