O‘zbekiston va Suriya hududlari o‘rtasida o‘zaro tovar aylanmasini oshirish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilmoqda
Fevral 14, 2026. 16:30 • 1 daq
• 162BUXORO, 14-fevral. /“Dunyo” AA/. Suriya Savdo-sanoat palatalari federatsiyasi prezidenti Alaa Alali boshchiligidagi delegatsiya Buxoro viloyatidagi to‘qimachilik va qurilish materiallari ishlab chiqarish jarayonlari bilan tanishish maqsadida yurtimizda bo‘ldi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Suriyalik mehmonlar “Merganteks” va “Buxoro Gips” korxonalariga tashrif buyurib, ishlab chiqarish texnologiyalari, mahsulot sifati va xalqaro sertifikatlar bilan tanishdilar. Tashrif doirasida ikkinchi O‘zbekiston-Suriya investitsiya va biznes-forumi o‘tkazildi.
Tadbirni Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov ochib berib, hududning sanoat, eksport va investitsiya salohiyati haqida so‘z yuritdi. U suriyalik tadbirkorlarni “Buxoro sanoatni rivojlantirish kompleksi” maxsus industrial parkida qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga taklif qildi.
Suriya Iqtisodiyot va sanoat vaziri o‘rinbosari Muhammad Xoreyx samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirdi. “Biz ko‘plab sanoat korxonalarida bo‘ldik, mamlakatning qudrati, intilishi va ishlab chiqarish imkoniyatlariga guvoh bo‘ldik”, — dedi u.
Tadbir yakunida Buxoro viloyati hokimi o‘zaro tovar aylanmasini 500 million dollarga yetkazish va Suriyada Buxoro savdo uyini tashkil etish taklifini ilgari surdi.
Forum doirasida tadbirkorlar uchun B2B uchrashuvlar tashkil etildi. Tadbir yakunida O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi Buxoro viloyati hududiy boshqarmasi va Tartus shahri Savdo-sanoat palatasi o‘rtasida anglashuv memorandumi imzolandi. Suriya delegatsiyasining tashrifi davom etmoqda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi



