O‘zbekiston va Sloveniya transport, iqtisodiyot va ta’lim sohalaridagi hamkorlikni muhokama qildi

Oktabr 25, 2026. 13:00 • 2 daq

• 116

LYUBLYANA, 25-oktyabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning qarorgohi Budapeshtda joylashgan elchisi Oybek Shaxavdinov Lyublyanaga amaliy tashrifi doirasida Sloveniya hukumati vakillari bilan qator uchrashuvlar o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Muzokaralar O‘zbekiston Prezidentining 2026-yil 21–22-may kunlari Sloveniyaga rasmiy tashrifi chog‘ida erishilgan kelishuvlarning amaliy ijrosini ta’minlashga qaratildi.

Sloveniya Infratuzilma va energetika vazirligi davlat kotibi Damiyan Yaklin bilan uchrashuvda tomonlar transport va temir yo‘l infratuzilmasini rivojlantirish, avtomobil yo‘llari qurilishi, energetika hamda havo qatnovi masalalarini muhokama qildi.

2025-yilda imzolangan Transport va logistika sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi hukumatlararo bitimni amalga oshirish, xalqaro avtomobil yuk tashuvlarini soddalashtirish va ikki davlat o‘rtasida havo qatnovini kengaytirish tashabbuslariga alohida e’tibor qaratildi.

Sloveniya Bosh vaziri devoni davlat kotibi Zdravko Pochivalshek bilan muzokaralar chog‘ida savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, ishbilarmonlik muloqotini faollashtirish va qo‘shma tashabbuslarni ilgari surish istiqbollari muhokama qilindi.

O‘zbekiston elchisi Sloveniya Bosh vaziri devonining tashqi siyosat va Yevropa ishlari bo‘yicha davlat kotibi Igor Senchar bilan ham uchrashib, oliy va yuqori darajadagi siyosiy muloqotni yanada rivojlantirish istiqbollari xususida fikr almashdi.

Sloveniya Moliya vazirligi davlat kotibi Maya Xostnik Kalishek bilan uchrashuvda soliq va bojxona sohalaridagi hamkorlik istiqbollari, shartnomaviy-huquqiy bazani takomillashtirish hamda ixtisoslashgan idoralar o‘rtasida tajriba almashish masalalari ko‘rib chiqildi.

Xususan, tomonlar tovarlarni tasniflash, ularning bojxona qiymati va kelib chiqishini aniqlash, elektron hisobvaraq-fakturalarni taqdim etish, soliq hisobotlarini avtomatlashtirilgan tarzda tekshirish, soliq nazorati samaradorligini oshirish hamda imtiyozlarning iqtisodiy ta’sirini baholash masalalari haqida so‘z yuritdi.

Ta’lim sohasidagi hamkorlikka alohida e’tibor qaratildi. Sloveniya ta’lim, fan va yoshlar vaziri Borut Ronchevich bilan uchrashuvda akademik almashinuv, oliy va professional ta’limni rivojlantirish hamda malakali kadrlar tayyorlash masalalari muhokama qilindi.

Shuningdek, tomonlar 2027-yilda Sloveniyada qo‘shma rektorlar forumi va innovatsion loyihalar forumini o‘tkazish tashabbusini ko‘rib chiqdi. Sloveniya tomoni amaliy ta’lim sohasida tajriba almashish, ta’lim muassasalari va ish beruvchilar o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashga ko‘maklashishga tayyorligini bildirdi.

Uchrashuvlar yakunida O‘zbekiston–Sloveniya munosabatlarini mustahkamlash, ixtisoslashgan idoralar va kompaniyalar o‘rtasidagi aloqalarni kengaytirish hamda aniq qo‘shma loyihalarni ishlab chiqishdan ikki tomon ham manfaatdor ekani ta’kidladi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish