O‘zbekiston va YUNESKO Kasbiy taʼlim va ko‘nikmalar bo‘yicha Global sammitga tayyorgarlik masalasini muhokama qildi
May 09, 2026. 14:30 • 2 daq
• 162
PARIJ, 10-may /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning YUNESKO huzuridagi Doimiy vakolatxonasi ko‘magida Kasbiy taʼlim agentligi va YUNESKO Kotibiyati vakillari o‘rtasida onlayn uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Uchrashuv davomida tomonlar 2026-yil oktyabr oyida Toshkent shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan Kasbiy taʼlim va ko‘nikmalar bo‘yicha Global sammit (Global TVET & Skills Summit)ga tayyorgarlik masalalarini muhokama qildi.
Ushbu tashabbus O‘zbekiston Prezidenti tomonidan Samarqandda o‘tkazilgan YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasida ilgari surilgan bo‘lib, 8-aprel kuni imzolangan O‘zbekiston va YUNESKO o‘rtasidagi hamkorlik “Yo‘l xaritasi”ga kiritilgan.
Muloqot chog‘ida O‘zbekiston tomoni YUNESKO takliflarini inobatga olgan holda yangilangan sammit Konsepsiyasi loyihasini taqdim etdi. Ishtirokchilar tadbir formati, uning maqomi, kutilayotgan natijalar, mavzuviy yo‘nalishlar hamda ekspertlik ko‘magi ko‘rsatilishi mumkin bo‘lgan shakllarni ko‘rib chiqdi.
YUNESKO vakillari ushbu tashabbusning dolzarbligini taʼkidlab, uni tashkilotning taʼlim, ko‘nikmalarni rivojlantirish va kelajak mehnat bozorlari uchun kadrlar tayyorlash sohalaridagi ustuvor yo‘nalishlariga muvofiq ekanini qayd etdi. Ayniqsa, raqamli transformatsiya, sunʼiy intellekt rivoji va “yashil” iqtisodiyot sharoitida kasbiy taʼlimning roliga alohida eʼtibor qaratildi.
YUNESKO O‘zbekiston bilan sammitni tayyorlash bo‘yicha hamkorlikni davom ettirish va ekspertlik yordamini ko‘rsatishga tayyor ekanini bildirdi. Tashkilot fikricha, forum kasbiy taʼlimni rivojlantirish bo‘yicha amaliy yondashuvlar almashinuvi hamda davlatlar, xalqaro tashkilotlar va xususiy sektor o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash uchun xalqaro maydonga aylanishi mumkin.
Muzokaralar yakunida tomonlar sammitga tayyorgarlikni tizimli va amaliy yo‘nalishga ega bo‘lgan tarzda olib borishga kelishib oldi. Taʼkidlanishicha, ushbu tadbir kasbiy taʼlim, kelajak ko‘nikmalari va yoshlar bandligi masalalari bo‘yicha uzoq muddatli xalqaro muloqot platformasiga aylanishi ko‘zda tutilgan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi