Sirdaryo viloyati texnikumi va Rossiyaning Ufa davlat neft texnika universiteti o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi

May 30, 2026. 10:00 • 2 daq

83
Sirdaryo viloyati texnikumi va Rossiyaning Ufa davlat neft texnika universiteti o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi

QOZON, 30-may. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Qozon shahridagi Bosh konsulxonasi ko‘magida Sirdaryo viloyatining Mirzaobod tumani texnikumi hamda Boshqirdistonning Ufa davlat neft texnika universiteti o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Ushbu hujjat yoshlarni muhandislik va aniq fanlar yo‘nalishidagi mutaxassisliklarga tayyorlash borasidagi hamkorlikni rivojlantirish, shuningdek, ilg‘or texnologiyalarni qo‘llagan holda zamonaviy taʼlim yondashuvlarini joriy etishga qaratilgan.

Shuningdek, mazkur hamkorlik doirasida tomonlar talabalarning amaliy tayyorgarligini kengaytirish, jumladan, zamonaviy uskunalar bilan ishlash va ishlab chiqarish jarayonlarida qatnashishni rejalashtirmoqda. Bundan tashqari, stajirovkalarni tashkil etish, tajriba almashish hamda taʼlim jarayoniga innovatsion texnologiyalarni tatbiq qilishga alohida eʼtibor qaratiladi.

Memorandumda o‘qituvchilar va muhandis-pedagog kadrlar malakasini xalqaro darajaga oshirish hamda bitiruvchilarning neft-gaz va kimyo sanoatida ishga joylashishi uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratish ham ko‘zda tutilgan.

Ufa davlat neft texnika universiteti mintaqadagi yetakchi muhandislik-texnika oliy o‘quv yurtlaridan biri sifatida sanoatning turli tarmoqlari, jumladan, neft-gaz sektori uchun mutaxassislar tayyorlab keladi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish