O‘zbekistonda Britaniya standartlari bo‘yicha malakalarni baholash markazlarini tashkil etish rejalashtirilmoqda
May 28, 2026. 10:00 • 2 daq
• 240
LONDON, 28-may. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri o‘rinbosari Alisher Muratov boshchiligidagi delegatsiya xizmat safari bilan Buyuk Britaniyaga bordi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tashrif davomida yurtimiz delegatsiyasi vakillari Buyuk Britaniyaning sohadagi yetakchi tuzilmalari, jumladan, “GEMS Education”, “City & Guilds”, “Apave PPL Training”, “Gatwick International Distribution”, “ECT Engineering College” hamda Grinvich universiteti rahbariyati bilan qator uchrashuvlar o‘tkazdi.
Muzokaralar davomida O‘zbekistondagi kasbiy malakani baholash markazlarini (santexnika, payvandlash, elektriklik va boshqa texnik yo‘nalishlar bo‘yicha) xalqaro andozalar va Buyuk Britaniya talablari asosida akkreditatsiyadan o‘tkazish masalasi muhokama qilindi.
Shuningdek, turli kasb yo‘nalishlari bo‘yicha xalqaro baholash va o‘qitish standartlarini birgalikda ishlab chiqish hamda yurtimizda ushbu tizimni joriy etish bo‘yicha o‘ziga xos pilot loyihasini hayotga tatbiq etish istiqbollari haqida to‘xtalib o‘tildi.
Muzokaralarning muhim amaliy natijasi o‘laroq, O‘zbekiston Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi hamda Buyuk Britaniyaning nufuzli “City & Guilds” tashkiloti o‘rtasida hamkorlik Memorandumi imzolandi.
Mazkur hujjat asosida yaqin istiqbolda yurtimizda “City & Guilds” standartlari asosida faoliyat yuritadigan maxsus malaka baholash markazlarini tashkil etish rejalashtirilmoqda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi




