O‘zbekiston YUNESKOning raqamli taʼlim haftaligida o‘z tajribasini taqdim etdi

Sentabr 11, 2026. 19:46 • 2 daq

100
O‘zbekiston YUNESKOning raqamli taʼlim haftaligida o‘z tajribasini taqdim etdi

PARIJ, 11-sentyabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston delegatsiyasi YUNESKOning Parijdagi shtab-kvartirasida bo‘lib o‘tgan raqamli taʼlim haftaligida ishtirok etdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tadbirda YUNESKO rahbariyati, tashkilotga aʼzo mamlakatlar taʼlim vazirlari, raqamli texnologiyalar sohasidagi xalqaro kompaniyalar vakillari hamda dunyoning 800 nafardan ortiq eksperti qatnashdi.

O‘zbekistondan Respublika taʼlimni rivojlantirish ilmiy-metodik markazi delegatsiyasi boshchiligida yurtimizning turli hududlaridan o‘qituvchilar ishtirok etdi. Vakillarimiz Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi, YUNESKO va YUNISEFning moliyaviy ko‘magida amalga oshirilayotgan “Uzbekistan Vision 2030 Fund” qo‘shma dasturini taqdim etdi.

Haftalik davomida o‘qituvchilarning raqamli kompetensiyalarini rivojlantirish, taʼlimda sunʼiy intellekt va axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanishni kengaytirishga qaratilgan “Ishonch” loyihasi namoyish etildi.

Yalpi sessiyalarda hukumatlar, ilmiy doiralar va xalqaro tashkilotlar vakillari taʼlimda sunʼiy intellektni qo‘llashning axloqiy jihatlari, jumladan, raqamli tengsizlik va texnologiyalardan masʼuliyatli foydalanish masalalarini muhokama qildi.

O‘zbekiston nomidan termizlik o‘qituvchi Durdona Boynazarova so‘zga chiqdi. U mamlakatimizda o‘qituvchilarni axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va sunʼiy intellektdan foydalanishga tayyorlash borasidagi tajriba bilan o‘rtoqlashdi hamda “Ishonch” loyihasining maqsad va vazifalari haqida to‘xtalib o‘tdi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish