“The Diplomatic Insight”: 2026-yil yanvar-iyul oylarida O‘zbekistonga Janubiy Koreyadan 26 mingdan ziyod sayyoh keldi
Sentabr 11, 2026. 20:00 • 2 daq
• 20
ISLOMOBOD, 11-sentyabr. / “Dunyo” AA/. Pokistonning “The Diplomatic Insight” elektron nashrida O‘zbekiston va Janubiy Koreya o‘rtasidagi turizm sohasidagi hamkorlik rivojiga bag‘ishlangan maqola chop etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Nashrda taʼkidlanishicha, koreyalik sayyohlarning O‘zbekistonga bo‘lgan qiziqishi muntazam ortib bormoqda. 2026-yilning yanvar–iyul oylari yakunlariga ko‘ra, mamlakatimizga tashrif buyurgan sayyohlar soni bo‘yicha uzoq xorij davlatlari orasida Koreya Respublikasi Xitoy va Turkiyadan keyin uchinchi o‘rinni egalladi. Ushbu davrda yurtimizga Janubiy Koreyadan 26,5 ming nafar sayyoh tashrif buyurdi.
“Bugungi ko‘rsatkichlar pandemiyadan oldingi darajadan ham yuqori. Xususan, 2019-yilda O‘zbekistonga Koreya Respublikasining 35,5 ming nafar fuqarosi kelgan bo‘lsa, 2024 yilda bu ko‘rsatkich 41,3 mingni, 2025-yilda esa 46,3 ming nafarni tashkil etdi. Bu 2019-yildagi ko‘rsatkichdan qariyb uchdan bir barobarga ko‘pdir”, – deyiladi manbada.
Elektron nashrning yozishicha, bunday ijobiy dinamika zamirida amaliy qulayliklar mujassam. Janubiy Koreya fuqarolari uchun 2018-yilning fevral oyidan beri 30 kunlik vizasiz rejim hamda to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar amal qilmoqda, bu esa sayohatlarni sezilarli darajada yengillashtirmoqda.
Maqolada Koreya Respublikasi nafaqat sayyohlar manbai, balki sohani rivojlantirishda muhim hamkor ekani urg‘ulangan. Koreya Xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) ko‘magida O‘zbekiston turizm taʼlim muassasalariga koreyalik ekspertlarni jalb etish, tajriba almashish va yurtimiz mutaxassislari uchun treninglar tashkil etish masalalari ko‘rib chiqilmoqda. Shuningdek, Samarqanddagi “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti bazasida koreys tili va madaniyati markazini ochish taklif etilmoqda.
“The Diplomatic Insight” nashri, shuningdek, ikki mamlakat turoperatorlari, taʼlim muassasalari va ixtisoslashgan tashkilotlari o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlikni yana-da mustahkamlash muhim ahamiyat kasb etishini alohida qayd etgan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi