O‘zbekistonlik mutaxassislar Avstriya vinochilik maktabida tajriba oshiradi
Sentabr 11, 2026. 14:00 • 2 daq
• 109
KREMS, 11-sentabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchixonasi vakillari Avstriyadagi Krems uzumchilik va bog‘dorchilik maktabi direktori Diter Faltl bilan uchrashdi, deb xabar beradi “Dunyo” AA muxbiri.
1875-yilda tashkil etilgan maktab 2025-yilda o‘zining 150 yillik yubileyini nishonladi. Bugungi kunda ushbu muassasa nazariy bilim, amaliy mashg‘ulot hamda tadbirkorlik ko‘nikmalarini rivojlantirish yo‘lida samarali faoliyat yuritib kelmoqda.
Maktabda to‘qqiz mamlakatdan 100 nafardan ortiq o‘quvchi tahsil oladi. Taʼlim jarayoniga 53 nafardan ziyod o‘qituvchi va mutaxassis masʼul. Amaliyot maktabning 18 gektarlik uzumzorlarida o‘tkazilib, xomashyo yetishtirishdan tortib tayyor mahsulot ishlab chiqarishgacha bo‘lgan to‘liq jarayonni qamrab oladi.
Muassasa zamonaviy vino ombori, laboratoriya, sensor studiyasi va ixtisoslashtirilgan ustaxonalarga ega bo‘lib, bu yerda jami 70 turdagi turli ichimliklar ishlab chiqariladi.
Uchrashuvda tomonlar ishlab chiqarish texnologiyalari, sifat nazorati, marketing, savdo, moliyaviy hisob, biznes boshqaruvi va vino turizmi yo‘nalishlari hamda “Weinmanagement” dasturi bo‘yicha fikr-mulohaza almashdi.
Muloqot chog‘ida o‘zbekistonlik mutaxassislar va o‘qituvchilar uchun stajirovkalar hamda qisqa muddatli taʼlim dasturlarini tashkil etish, qo‘shma seminarlar o‘tkazish, tajriba oshirish va ekspertlar almashinuvini yo‘lga qo‘yish masalalariga alohida to‘xtalib o‘tildi.
“Weinmanagement” dasturi elementlarini O‘zbekistonning taʼlim dasturlariga moslashtirish, vino va gastronomik turizmni rivojlantirish sohasida hamkorlik qilish kabi muhim masalalar ham muhokama qilindi.
Diter Faltl O‘zbekistonning vino ishlab chiqarish, sifatni boshqarish va marketing sohalarida kadrlar salohiyatini oshirish uchun maktabning boy tajribasini taqdim etishga tayyorligini bildirib, uzoq muddatli hamkorlikdan manfaatdor ekanini taʼkidladi.
Uchrashuv yakunida maktab rahbariyati boshchiligidagi delegatsiya joriy yil 26–28-oktabr kunlari Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan YUNESKO shafeligidagi “Global TVET&Skills Summit” xalqaro sammitida ishtirok etishi to‘g‘risida kelishuvga erishildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi