O‘zbekistonlik tibbiyot mutaxassislari Belarusning yirik sanoat korxonasida tajriba almashdilar
Noyabr 27, 2026. 12:00 • 2 daq
• 71MINSK, 27-noyabr. /“Dunyo” AA/. mamlakatimizning tibbiyot mutaxassislaridan iborat delegatsiyasi Belarusning yetakchi sanoat korxonalaridan biri — “KRION” ochiq aksiyadorlik jamiyatida bo‘lib, uning faoliyati bilan yaqindan tanishdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tanishuv ekskursiyasi davomida korxonaning ishlab chiqarish salohiyati, zamonaviy texnologik jarayonlar, shuningdek, tayyor mahsulotlarni qadoqlash va yetkazib berish tizimi haqida batafsil ma’lumot berildi. Mutaxassislar ishlab chiqarish sexlarini ko‘zdan kechirib, korxonada amal qilayotgan xalqaro talablarga javob beruvchi qat’iy texnika xavfsizligi standartlari va mahsulot sifatini nazorat qilish tizimini batafsil o‘rgandi.
Uchrashuv doirasida korxonaning sog‘liqni saqlash muassasalarini hayotiy muhim tibbiy gazlar bilan uzluksiz va ishonchli ta’minlashdagi o‘rniga alohida e’tibor qaratildi. O‘zbekiston delegatsiyasi a’zolari “KRION” OAJning tibbiyot sohasi ehtiyojlarini qondirish borasidagi tajribasini yuqori baholadi.
Qayd etilishicha, mazkur tashrif o‘zbekistonlik mutaxassislarga nafaqat korxonaning yirik ishlab chiqarish quvvatlari faoliyati bilan tanishish, balki sog‘liqni saqlash tizimida tibbiy gazlardan samarali foydalanish masalalarini chuqurroq o‘rganish hamda soha rivoji uchun bunday korxonalarning strategik ahamiyatini yaqqol baholash imkonini berdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi


