O‘zbekiston Prezidenti raisligida turizm salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarish va madaniy meros obyektlarini asrash bo‘yicha ustuvor vazifalar muhokama qilindi
Noyabr 26, 2026. 19:45 • 5 daq
• 19
TOSHKЕNT, 26-noyabr. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun turizm sohasida amalga oshirilayotgan ishlar va kelgusidagi ustuvor vazifalar hamda Buxoro viloyatidagi yirik loyihalar yuzasidan taqdimot bilan tanishdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekiston yetakchisining Buxoro viloyatiga tashrifi davomida madaniy meros obyektlarini restavratsiya qilish, tarixiy shaharning o‘ziga xos qiyofasini saqlash va sayyohlar uchun jozibadorligini oshirish bo‘yicha qator vazifalar belgilangan edi.
Taqdimotda Buxoro shahrining tarixiy markazini rivojlantirish bo‘yicha master-reja, me’moriy yodgorliklarni asrab-avaylash, ulardan samarali foydalanish hamda zamonaviy madaniy va turizm infratuzilmasini shakllantirishga qaratilgan loyihalar ko‘rib chiqildi.
Xususan, Ark muzey-qo‘riqxonasida restavratsiya ishlarini amalga oshirish va muzey ekspozitsiyalarini zamonaviy talablar asosida tashkil etish, “Qo‘sh madrasa” me’moriy ansamblini tiklash, Buxoro musiqali drama teatrini rekonstruksiya qilish, Somoniylar bog‘ini obodonlashtirish bo‘yicha takliflar taqdimot qilindi.
Jadidlar merosi davlat muzeyi va Buxoro davlat san’at muzeyini tashkil etish, ularda tarixiy muhit bilan uyg‘unlashgan holda zamonaviy ko‘rgazma maydonlarini yaratish rejalari haqida axborot berildi.
Buxoroning tarixiy markazida savdo va xizmat ko‘rsatish obyektlarini yagona me’moriy uslub asosida tartibga keltirish, piyodalar uchun qulay muhit yaratish, bu boradagi barcha ishlarni YUNЕSKO talablariga muvofiq amalga oshirish nazarda tutilmoqda.
2027-yilda ikkinchi Buxoro xalqaro biyennalesini o‘tkazish konsepsiyasi ham ko‘rib chiqildi. Uning doirasida Somoniylar bog‘idan Ark qal’asi va Poyi Kalon majmuasi orqali Labi Hovuz ansambligacha bo‘lgan tarixiy obidalar, ko‘rgazma va jamoat maydonlarini birlashtiruvchi 2,3 kilometrlik yagona madaniy sayr yo‘nalishini shakllantirish ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, AQSh va Koreya Respublikasi tashkilotlari bilan hamkorlikda madaniy meros obyektlarini raqamlashtirish, ularning uch o‘lchamli modellarini yaratish, arxeologik ashyolarni muhofaza qilish va soha mutaxassislarining malakasini oshirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan loyihalar haqida axborot berildi.
Taqdimotda yurtimizda turizm sohasini rivojlantirish borasida erishilgan natijalar va navbatdagi vazifalar atroflicha muhokama qilindi.
Joriy yilning o‘n oyida O‘zbekistonga 11,6 million nafar xorijlik sayyoh tashrif buyurdi. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 20 foizga ko‘pdir. Turizm xizmatlari eksporti 1,5 barobar oshib, 6,1 milliard dollarga yetdi. Sayyohlarning mamlakatimizdagi o‘rtacha xarajatlari 26 foizga ko‘paydi.
2030-yilga qadar yurtimizga tashrif buyuruvchi xorijlik sayyohlar sonini yiliga 20 million nafarga, turizm xizmatlari eksportini 10 milliard dollarga, sohada band aholi sonini 2 million nafarga yetkazish hamda turizmning yalpi ichki mahsulotdagi ulushini 7 foizga oshirish maqsad qilingan.
Davlatimiz rahbarining topshirig‘iga muvofiq, mas’ullar hududlarda turizm sohasida faoliyat yuritayotgan 2 mingdan ortiq tadbirkor bilan uchrashib, ularning muammo va takliflarini o‘rgandi.
Xususan, turistik hududlarda elektr energiyasi quvvatlarining yetishmasligi, elektr va gaz uchun oldindan to‘lovlar miqdorining yuqoriligi, mehmonxonalarda valyuta ayirboshlash xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarining cheklangani, tog‘li joylarda sayyohlarni avtobus va mikroavtobuslarda tashish bilan bog‘liq masalalar ko‘tarilgan.
Tadbirkorlar tomonidan muqobil energiya manbalaridan foydalanishni rag‘batlantirish, kredit olishda kafillik berish, yer uchastkalari uchun to‘lovlarni bo‘lib-bo‘lib amalga oshirish, mehmonxona biznesi va ko‘ngilochar xizmatlarni rivojlantirishga qo‘shimcha imtiyozlar joriy etish bo‘yicha takliflar bildirilgan.
Prezidentimiz mutasaddilar oldiga tadbirkorlar ko‘targan har bir masalani chuqur o‘rganib, ularning aniq yechimlarini ishlab chiqish vazifasini qo‘ydi.
Turistlar oqimining asosan an’anaviy sayyohlik markazlarida jamlanayotgani mavjud infratuzilmaga ortiqcha yuklama tushishiga sabab bo‘lmoqda. Shu bois, turizm geografiyasini kengaytirish, hududlarning o‘ziga xos imkoniyatlaridan kelib chiqib, yangi turmahsulotlarni shakllantirishga alohida e’tibor qaratildi.
Ekologik, etnografik, agrar, gastronomik, ekstremal, tibbiy, ishbilarmonlik va kinoturizm kabi istiqbolli yo‘nalishlarni rivojlantirish, ular uchun zarur infratuzilmani yaratish va malakali mutaxassislar tayyorlash bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi.
“Bir mahalla – bir turmahsulot” tamoyili asosida mahalla va qishloqlarni turistik yo‘nalishlarga kiritish, sayyohlarni mahalliy aholining turmush tarzi, milliy urf-odatlar, hunarmandchilik va pazandalik an’analari bilan yaqindan tanishtirish orqali aholi uchun qo‘shimcha daromad manbalarini yaratish nazarda tutilmoqda.
Hududlarning turizm salohiyatini master-rejalar asosida rivojlantirish ishlari haqida ham axborot berildi. 2026-2027-yillarda jami 34 ta master-reja ishlab chiqish belgilangan bo‘lib, bugungi kunga qadar ularning 13 tasi tayyorlangan.
Jumladan, Nurota tumanidagi qadimiy Koriz suv inshooti negizida ochiq osmon ostidagi muzey va dam olish maskanini barpo etish, Namanganda gulchilik turizmini rivojlantirish, sanatoriy-kurort hududlarini kompleks obodonlashtirish bo‘yicha loyihalar taqdimot qilindi.
To‘dako‘l turizm-rekreatsiya zonasini rivojlantirish konsepsiyasi ko‘rib chiqildi. Unda hududning tabiiy landshafti bilan uyg‘unlashgan mehmonxonalar, dam olish va sog‘lomlashtirish maskanlari, ekoturizm obyektlari hamda suv bo‘yida zamonaviy turistik infratuzilmani barpo etish ko‘zda tutilgan.
Yangi turizm loyihalarini amalga oshirish uchun 5 ming gektar yer maydonini auksion savdolariga chiqarish, 2030-yilga qadar turizm infratuzilmasini rivojlantirishga 3,1 trillion so‘m yo‘naltirish rejalashtirilgan.
Shuningdek, Turizm loyihalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasini tashkil etib, unga kelgusi yilda 100 milliard so‘m ajratish nazarda tutilmoqda.
Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan sayyohlarni jalb etuvchi yangi maskanlarni barpo etish, tadbirkorlarga imtiyozli kreditlar ajratish, kredit foizlarining bir qismini kompensatsiya qilish va zamonaviy ko‘ngilochar xizmatlarni yo‘lga qo‘yishni subsidiyalash taklif etildi.
Mamlakatimizning sayyohlik salohiyatini xalqaro miqyosda keng targ‘ib qilish, ustuvor tashqi bozorlarda maqsadli marketing kampaniyalarini o‘tkazish, yetakchi xorijiy turoperatorlar va raqamli platformalar bilan hamkorlikni kengaytirish chora-tadbirlari ko‘riladi.
Bunda xalqaro aviaqatnovlar geografiyasini kengaytirish, hududlar o‘rtasidagi transport aloqalarini yaxshilash, mehmonxonalar, umumiy ovqatlanish va ekskursiya xizmatlarining sifatini xalqaro standartlar asosida oshirish muhim ahamiyatga ega ekani qayd etildi.
Yirik xalqaro anjuman va forumlarni o‘tkazish muddatlarini rejalashtirishda turizm mavsumlarini inobatga olish zarurligiga alohida e’tibor qaratildi. Turizm qo‘mitasiga vazirlik va idoralar bilan birgalikda mazkur tadbirlarni sayyohlar oqimi nisbatan kam bo‘lgan davrlarga qayta taqsimlash topshirildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi