Bonn shahrida O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasidagi akademik almashinuv hamda kasb-hunar ta’limi bo‘yicha yangi loyihalar ko‘rib chiqildi

Noyabr 26, 2026. 14:30 • 2 daq

• 174

BONN, 24-noyabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Germaniyadagi elchisi Dilshod Axatov Bonn shahriga amaliy tashrifi doirasida qator muhim uchrashuvlar o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Xususan, diplomat shahar meri, Germaniyaning akademik almashinuv, kasb-hunar ta’limi va ilm-fan sohalaridagi tashkilotlari rahbarlari, shuningdek, “Germaniya – O‘zbekiston” jamiyati raisi bilan muzokaralar olib bordi.

Bonn shahri meri Gvido Deus bilan uchrashuvda 2003-yilda birodarlashgan Buxoro va Bonn shaharlari o‘rtasidagi aloqalarni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Ma’muriyat va ishbilarmon doiralar o‘rtasida o‘zaro tashriflarni tashkil etish, iqtisodiy aloqalarni kengaytirish hamda turizm sohasi uchun kadrlar tayyorlash imkoniyatlari ko‘rib chiqildi. Jumladan, mehmonxona va restoran biznesi mutaxassislari uchun dual ta’lim loyihasini ishlab chiqish istiqbollariga alohida e’tibor qaratildi.

Germaniya akademik almashinuv xizmati (DAAD) bosh kotibi Kay Siks bilan o‘zbekistonlik talabalar va yosh olimlarning Germaniyada tahsil olishi hamda ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish imkoniyatlarini kengaytirish, shuningdek, DAAD va “El-yurt umidi” jamg‘armasi o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Aleksandr fon Gumboldt jamg‘armasi bosh kotibi o‘rinbosari Katrin Amian bilan esa o‘zbekistonlik tadqiqotchilarning jamg‘arma stipendiya dasturlaridagi ishtiroki ko‘rib chiqildi. Mazkur yo‘nalishdagi muloqotlarni Toshkentda o‘tkazilishi rejalashtirilgan O‘zbekiston va Germaniya universitetlarining ikkinchi forumi doirasida davom ettirishga kelishib olindi.

Katta ekspertlar xizmati (SES) ijrochi direktori Marion Zodemann bilan O‘zbekistonda kasb-hunar ta’limini rivojlantirishga germaniyalik mutaxassislarni jalb etish masalalari muhokama etildi. Kasbiy ta’lim agentligi bilan birgalikda kadrlar tayyorlash va qayta tayyorlash, jumladan, nemis tili o‘qituvchilarining malakasini oshirish dasturlarini ishlab chiqish taklif qilindi. 

Germaniya taraqqiyot va barqarorlik instituti (IDOS) direktori, professor Anna-Katarina Xornij bilan esa institut va Strategik islohotlar agentligi o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqalarni yo‘lga qo‘yish hamda qo‘shma tadqiqotlar o‘tkazish yuzasidan fikr almashildi.

Bundan tashqari, Bonndagi “Germaniya – O‘zbekiston” jamiyati raisi Kolin Dyurkop bilan madaniy-gumanitar rishtalarni kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Bunda jamiyatning Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi bilan hamkorligini kuchaytirish, shuningdek, vatandoshlar va Germaniya jamoatchiligi ishtirokida qo‘shma madaniy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etishga alohida urg‘u berildi.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish