Minskda Buxoro viloyatining Belarus hududlari bilan hamkorligining istiqbolli yo‘nalishlari ko‘rib chiqildi

Avgust 01, 2026. 15:00 • 2 daq

95
Minskda Buxoro viloyatining Belarus hududlari bilan hamkorligining istiqbolli yo‘nalishlari ko‘rib chiqildi

MINSK, 1-avgust. /“Dunyo” AA/. Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov boshchiligidagi delegatsiya Belarus Bosh vaziri o‘rinbosari Yuriy Shuleyko bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Suhbat chog‘ida iyul oyida Minsk shahrida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston–Belarus oliy darajadagi muzokaralar yakunlari bo‘yicha erishilgan kelishuvlarning ijrosi hamda savdo-iqtisodiy va hududlararo aloqalarni yana-da faollashtirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Belarus tomoni O‘zbekistonni o‘zining ishonchli va vaqt sinovidan o‘tgan sherigi sifatida baholab, keyingi yillarda ikki mamlakat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash barqaror o‘sish surʼatlarini namoyon etayotganini taʼkidladi. Shu munosabat bilan yil yakuniga qadar o‘zaro savdo hajmini 1 milliard dollarga, 2030-yilgacha esa 2 milliard dollarga yetkazish vazifasi belgilangani qayd etildi.

Uchrashuvda hukumatlar, vazirlik va idoralar darajasidagi muloqotlar izchil davom etayotgani, uchinchi Hududlararo forumi yakunlari hududlararo sheriklikka yangi surʼat bag‘ishlagani alohida taʼkidlandi. Ayni paytda yengil sanoat, qishloq xo‘jaligi va mashinasozlik tarmoqlarida amalga oshirilayotgan qo‘shma loyihalarning aniq iqtisodiy samaradorligini taʼminlash ustuvor vazifa sifatida belgilandi.

Uchrashuv yakunida tomonlar erishilgan kelishuvlarni amaliy mazmunan boyitish va istiqbolli loyihalarni amalga oshirish yuzasidan kelishib oldilar.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish