Futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi Nyu-Yorkda tantanali kutib olindi
May 27, 2026. 15:25 • 2 daq
• 105NYU-YORK, 27-may. /“Dunyo” AA/. Joriy yilning 26-may kuni Nyu-York shahrida joylashgan Jon Kennedi xalqaro aeroportida futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasini kutib olish marosimi yuqori saviyada tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Cport anjumani oldidan terma jamoani munosib kutib olish maqsadida aeroport hududida maxsus “fan-hudud” (fan-zone) tashkil etildi. Ushbu maydoncha davlatimiz bayroqlari, milliy ramzlar hamda O‘zbekiston terma jamoasi aʼzolari aks etgan mahobatli bannerlar bilan bezatildi.
Kutib olish jarayonida milliy terma jamoa aʼzolari va muxlislar o‘rtasida samimiy va do‘stona muloqot yo‘lga qo‘yildi. Xorijdagi faol vatandoshlarimiz jamoamizga Jahon chempionati bahslari doirasida ulkan zafarlar va tarixiy muvaffaqiyatlarga erishish tilaklarini bildirdilar.
Tadbirga AQSHda faoliyat yuritayotgan qator taniqli media-inflyuyenserlar, blogerlar va yetakchi OAV vakillari ham keng jalb etildi. Ular tomonidan keng jamoatchilik o‘rtasida milliy terma jamoamizni qo‘llab-quvvatlash va faol muxlislik muhitini shakllantirishga qaratilgan mazmunli media-targ‘ibot ishlari olib borildi.
Marosimning yuqori darajada va tartibli tashkil etilgani mezbon mamlakat tomonidan ham alohida eʼtirof etildi. Xususan, Jon Kennedi xalqaro aeroporti masʼullari mazkur tadbir orqali O‘zbekistonning boy madaniyati, betakror milliy qadriyatlari, turizm salohiyati va sport sohasidagi yutuqlari bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo‘lganliklarini taʼkidlab, o‘zbek tomoniga samarali hamkorlik uchun chuqur minnatdorlik bildirdilar.
Nyu-Yorkda o‘tkazilgan ushbu tadbir xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimizning vatanga bo‘lgan cheksiz mehri va milliy jamoamizga bo‘lgan yuksak ishonchini yana bir bor yaqqol namoyon etdi. Terma jamoamizning xalqaro maydondagi ishtiroki nafaqat sport olamida, balki O‘zbekistonning global miqyosdagi ijobiy imijini mustahkamlashda hamda millat birligini taʼminlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi








