Londonda Markaziy Osiyo va Ozarbayjon talabalari o‘rtasida mini-futbol turniri o‘tkazildi
Aprel 29, 2026. 17:25 • 2 daq
• 58LONDON, 29-aprel. /“Dunyo” AA/. Buyuk Britaniyada tahsil olayotgan Markaziy Osiyo va Ozarbayjonlik talabalar o‘rtasida mini-futbol bo‘yicha musobaqa o‘tkazildi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
London shahrida bo‘lib o‘tgan ushbu musobaqa O‘zbekistonning Buyuk Britaniyadagi elchixonasi tomonidan tashkil etildi.
Turnirda yuz nafardan ortiq talabadan iborat 12 ta jamoa ishtirok etdi. Jamoalar tarkibidan “El-yurt umidi” jamg‘armasi stipendiatlari, O‘zbekiston talabalari ittifoqi aʼzolari hamda O‘zbekiston yoshlari umumjahon assotsiatsiyasi vakillari ham o‘rin oldi. Musobaqaga Birmingem, Portsmut, Chester kabi shaharlardan kelgan talabalar ham qatnashib, unga yana-da qiziqarli ruh bag‘ishladi.
O‘yinlar keskin va raqobatli tarzda o‘tdi. G‘olib va sovrindorlar O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi hamda Elchixona tomonidan kubok, medal, faxriy yorliq va pul mukofotlari bilan taqdirlandi. Turnirning eng yaxshi to‘purari ham alohida eʼtirof etildi.
Tadbir davomida milliy anʼanalarga ham eʼtibor qaratildi. “Oshpaz” va “Samarqand” restoranlari ishtirokchilarga o‘zbek milliy taomlarini taqdim etdi.
Talabalarning taʼkidlashicha, ushbu musobaqa nafaqat sport tadbiri, balki do‘stlik va hamjihatlik maydoniga aylandi. Bunday tadbirlar yoshlar orasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, ularning bilim va salohiyatini oshirish hamda o‘zaro muloqotni mustahkamlashga xizmat qiladi.
Ishtirokchilar O‘zbekiston milliy terma jamoasining ilk bor jahon chempionatiga yo‘llanma olganini katta yutuq sifatida baholab, jamoaga AQSHda bo‘lib o‘tadigan musobaqalarda omad tiladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi





