Logo

Eldor Tulyakov: O‘zbekistonning yangilangan taraqqiyot strategiyasi keng jamoatchilik maslahatlashuvlari asosida shakllantiriladi

Yanvar 07, 2026. 08:15 • 3 daq

564
Eldor Tulyakov: O‘zbekistonning yangilangan taraqqiyot strategiyasi keng jamoatchilik maslahatlashuvlari asosida shakllantiriladi

TOSHKENT, 7-yanvar. /“Dunyo” AA/. “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov “Dunyo” AA muxbiriga “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi nima uchun takomillashtirilayotgani haqida fikr bildirdi:

– Prezident Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis va xalqimizga yo‘llagan Murojaatnomasida “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini qayta ko‘rib chiqish vazifasini qo‘ygan edi. “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi mamlakatni rivojlantirishning o‘rta va uzoq muddatli istiqbolga mo‘ljallangan yo‘nalishlarini belgilab beruvchi muhim dasturiy hujjatdir. Unda islohotlarning umumiy mantig‘i, Yangi O‘zbekistonni barpo etishning ustuvor maqsadlari va amaliy mexanizmlari jamlangan.

So‘nggi yillarda mamlakatimizda ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyot, davlat boshqaruvi, inson huquqlarini taʼminlash, fuqarolik jamiyatini rivojlantirish borasida salmoqli natijalarga erishildi. Bu jarayonda albatta “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi muhim manbaa bo‘lib hizmat qildi. Biroq jamiyat hayoti va global jarayonlar doimiy ravishda yangilanib bormoqda. Yangi iqtisodiy sharoitlar, texnologik o‘zgarishlar va xalqaro maydondagi dinamika davlat siyosati oldiga yangi vazifalarni qo‘ymoqda.

Shu bois “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini mavjud real sharoit, aholi ehtiyojlari hamda zamon talablaridan kelib chiqqan holda takomillashtirish zarurati yuzaga kelmoqda.

Takomillashayotgan strategiyaning markazida davlat rahbari tomonidan ilgari surilgan asosiy g‘oya – “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak” degan tamoyil turadi. Yangi tahrirda strategiya ushbu g‘oyani amaliy mazmun bilan boyitib, mamlakat rivojlanishini yana-da samarali, natijaga yo‘naltirilgan va hisobdor tizim asosida davom ettirishni ko‘zlaydi.

Strategiyani takomillashtirish jarayonida uning doirasida erishilgan natijalar chuqur tahlil qilinib, mavjud muammolar inobatga olinmoqda. Shu bilan birga, maqsadlarga erishishni aniq o‘lchash imkonini beruvchi samaradorlik ko‘rsatkichlari qayta ko‘rib chiqilmoqda. Har bir aniq maqsad uchun masʼul davlat organi belgilanib, zarur moliyaviy manbalar ochiq ko‘rsatilishi strategiya ijrosida javobgarlik va hisobdorlikni kuchaytiradi.

Yana bir muhim jihat – strategiyaning har bir fuqaro uchun tushunarli va hayotiy bo‘lishiga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Takomillashayotgan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi shunday shakllantirilmoqdaki, har bir inson undan o‘z hayoti, oilasi va farzandlari kelajagi uchun qanday amaliy foyda borligini ko‘ra olsin. Yaʼni strategiya umumiy shiorlar emas, balki kundalik hayotda seziladigan aniq o‘zgarishlar manbai bo‘lishi lozim.

Strategiyada belgilangan o‘rta muddatli maqsadlarning samaradorlik ko‘rsatkichlari yangi iqtisodiy, ijtimoiy va texnologik chaqiriqlarga mos ravishda yangilanmoqda. Shuningdek, ijroni monitoring qilish tizimini to‘liq raqamlashtirish orqali shaffoflikni taʼminlash, qaror qabul qilishda aniq maʼlumotlarga tayanish va jamoatchilik nazoratini kuchaytirish ko‘zda tutilmoqda.

Bundan tashqari, soha, tarmoq va hududlarni rivojlantirish bo‘yicha qabul qilinayotgan barcha strategik hujjatlarni “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi bilan uyg‘unlashtirishga alohida eʼtibor berilmoqda. Bu davlat siyosatining yaxlitligi va natijaviyligini taʼminlaydi.

Eng muhim prinsipial jihatlardan biri – strategiyaning xalq bilan maslahatlashuv asosida takomillashtirilishidir. Loyiha jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilib, aholi, ekspertlar va fuqarolik jamiyati institutlarining takliflari inobatga olinadi. Chunki faqat jamoatchilik fikrini o‘zida aks ettirgan hujjatgina hayotiy va samarali bo‘lishi mumkin.

Xulosa qilib aytganda, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining takomillashtirilishi – bu mavjud islohotlarni chuqurlashtirish, zamon talablariga moslashtirish va ularning xalq hayotidagi amaliy samarasini oshirishga qaratilgan izchil jarayondir. Eng muhimi, ushbu strategiya avvalo xalqimiz farovonligiga xizmat qiladigan umummilliy taraqqiyot dasturi sifatida shakllantirilmoqda.

Default Avatar

Material muallifi

Nargiza Saidaliyeva

nargiza@dunyo.info

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Default Avatar

Material muallifi

Samandar Xodjiyev

samandar@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish