Logo

“EU Reflect”: 2025-yil O‘zbekiston tashqi siyosatida sifat jihatidan yuksalish davri bo‘ldi

Yanvar 08, 2026. 16:38 • 2 daq

80
“EU Reflect”: 2025-yil O‘zbekiston tashqi siyosatida sifat jihatidan yuksalish davri bo‘ldi

BRYUSSEL, 8-yanvar. /“Dunyo” AA/. Yevropaning “EU Reflect” tahliliy nashrida Markaziy Osiyo bo‘yicha ekspert va tarixchi Derya Soysalning “O‘zbekistonda keng ko‘lamli o‘zgarishlarning o‘n yilligi” nomli maqolasi eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Maqola muallifi 2025-yil O‘zbekistonning tashqi siyosiy pozitsiyasini sifat jihatidan yangilash va mustahkamlash davri bo‘lganini alohida taʼkidlagan. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Belgiyaga, Yevropa Ittifoqi poytaxti Bryussel shahriga tashrif buyurib, Yevropa komissiyasi prezidenti Ursula fon der Lyayen bilan Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi muhim bitimni imzolaganini eʼtirof etgan.

Mazkur memorandumining imzolanishi, Samarqandda “Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo” sammitining o‘tkazilishi, YUNESKOning 43-Bosh konferensiyasining Samarqandda (ilk bor Parijdan tashqarida) tashkil etilishi, Shavkat Mirziyoyevning AQShda Donald Tramp bilan uchrashuvi – bularning barchasi mamlakatning misli ko‘rilmagan tashqi siyosiy dinamikasidan dalolat beradi.

Ekspertning fikricha, O‘zbekistonning 2025-yildagi tashqi siyosati muvaffaqiyatli bo‘ldi. Prezident rahbarligida mamlakat ochiq, pragmatik, faol va tashabbuskor tashqi siyosatni izchil amalga oshirib kelmoqda. Markaziy Osiyoda katta o‘zgarishlar yuz berdi. Qirg‘iziston va Tojikiston o‘rtasida tinchlik shartnomasi imzolandi. Aytish mumkinki, ushbu chegara masalasidagi mojaroni hal qilishda aynan O‘zbekiston asosiy vositachilik rolini o‘ynadi.

O‘zbekiston o‘ta muvaffaqiyatli tashqi siyosatni shakllantira boshladi, butun dunyo bo‘ylab sheriklik aloqalarini to‘pladi. Shu nuqtai nazardan, 2025-yilda qator strategik ahamiyatga ega voqealar mamlakatning xalqaro maydondagi o‘rniga chuqur taʼsir ko‘rsatdi. Bugungi kunda O‘zbekiston AQSH, Xitoy, Yevropa Ittifoqi, Turkiya, Yaqin Sharq mamlakatlari va boshqa ko‘plab davlatlar hamda mintaqalarning diqqat markazida turibdi. Ushbu aktorlarning har biri tobora ko‘proq eʼtirof etilayotgan O‘zbekiston bilan hamkorlikni mustahkamlashga intilmoqda.

2021-yildan boshlab O‘zbekiston Yevropa Ittifoqi Preferensiyalar bosh tizimining GSP+ rejimi (Barqaror rivojlanishni rag‘batlantirish maxsus sxemasi) doirasida Yevropa Ittifoqi bozoriga bir tomonlama imtiyozli kirishdan foydalanmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev mamlakatni global bozor uchun ochdi va Markaziy Osiyoni Yevropa Ittifoqi bilan yaqinlashtirish asosiy yo‘nalishlardan biriga aylandi.

Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitimning imzolanishi hamda O‘zbekiston Prezidentining Bryusselga tashrifi YI bilan munosabatlar sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilganini ko‘rsatdi.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

xojabek@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish