Moskvada O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi keng nishonlandi
Sentabr 02, 2026. 09:00 • 2 daq
• 115MOSKVA, 2-sentyabr. /“Dunyo” AA/. Xalq xo‘jaligi yutuqlari ko‘rgazmasining “O‘zbekiston” pavilyonida O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbirda 10 mingdan ortiq kishi ishtirok etdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbirga Rossiyada ishlayotgan va tahsil olayotgan vatandoshlar, mamlakatning turli hududlaridan 52 ta o‘zbek diaspora, jamoat va madaniy tashkilotlari vakillari, sanʼatkorlar, ijodiy jamoalar hamda Moskva aholisi yig‘ildi.
Uchrashuv davomida musiqiy va raqs chiqishlari, milliy hunarmandchilik buyumlari va anʼanaviy madaniyat namunalari namoyish qilinib, o‘zbek milliy taomlari tortildi. Mehmonlar uchun bayram dasturi doirasida Toshkent, Samarqand va Buxoro palovlari ham tayyorlandi.
Bayram tadbiri “MIR 24” telekanali orqali namoyish etildi. Telekanalda efirga uzatilgan videolavhada milliy konsert dasturi, hunarmandchilik, Xorazm lazgisi va o‘zbek palovi tayyorlangani haqida maʼlumotlar berildi.
Kunning ikkinchi yarmida O‘zbekiston elchixonasida tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Olimjon Abdullayev, Migratsiya agentligi direktori Behzod Musayev, O‘zbekiston elchisi Botirjon Asadov va 52 ta diaspora birlashmasi rahbarlari ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Ishtirokchilar Rossiyadagi vatandoshlarni qo‘llab-quvvatlash, jumladan, ishga joylashtirish, huquqiy yordam ko‘rsatish va migratsiya tartib-taomillarini takomillashtirish masalalarini muhokama qildi. Migratsiya agentligining Moskvadagi vakolatxonasi qoshidagi tun-u kun ishlaydigan tezkor shtab va koll-markaz faoliyatiga alohida eʼtibor qaratildi.
Uchrashuv davomida Rossiyadagi O‘zbekiston fuqarolarining huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, fuqarolarning qo‘lga olinishi holatlari to‘g‘risida O‘zbekiston tomonini o‘z vaqtida xabardor qilish, migratsiya tadbirlarini o‘tkazishda ularning huquqlariga rioya etish va yuzaga keladigan masalalar bo‘yicha tezkor hamkorlik qilish masalalari ham ko‘rib chiqildi.
Diaspora vakillari O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi bilan tabriklanib, ularga vatandoshlarga ish topish, yuzaga kelayotgan muammolarni hal etish va Vataniga qaytishda ko‘rsatayotgan yordami uchun minnatdorlik bildirildi. Ularning O‘zbekistonning turizm salohiyatini targ‘ib qilish va Rossiyada mamlakatning ijobiy qiyofasini shakllantirishdagi o‘rni alohida qayd etildi.
Tadbir yakunida eng faol diaspora tashkilotlari rahbarlari taqdirlandi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi





