4–6-sentyabr kunlari Samarqandda Yosh parlament aʼzolarining XII global konferensiyasi o‘tkaziladi
Sentabr 02, 2026. 08:10 • 2 daq
• 55
TOSHKENT, 2-sentyabr. /“Dunyo” AA/. Joriy yilning 4–6-sentyabr kunlari qadimiy Samarqand shahrida O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati hamda Parlamentlararo ittifoq hamkorligida «Murakkab davrda inson huquqlari, adolat va inson qadr-qimmatini tiklash yo‘lida» mavzusida Yosh parlament aʼzolarining XII global konferensiyasi tashkil qilinadi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Parlament yuqori palatasi maʼlumotiga ko‘ra, xalqaro anjuman O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan yoshlarning jamiyat va davlat hayotidagi faol ishtirokini kengaytirish, ularning parlament faoliyatidagi rolini kuchaytirish, yosh avlod vakillari o‘rtasida global muloqot va hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan muhim tashabbuslarning amaliy ifodasi hisoblanadi.
Konferensiyada 183 mamlakat, 15 ta xalqaro tashkilot vakillari hamda 50 ga yaqin doimiy kuzatuvchidan iborat 300 ga yaqin ishtirokchilar qatnashishi kutilmoqda. Ularning orasida yosh parlament aʼzolari, parlament rahbarlari va vakillari, xalqaro tashkilotlar hamda fuqarolik jamiyati institutlari vakillari bor.
Anjuman doirasida yosh parlament aʼzolari zamonaviy dunyoda duch kelayotgan dolzarb muammolarni muhokama qiladi, inson huquqlari va qadr-qimmatini taʼminlash, adolat tamoyillarini mustahkamlash, tinchlik va barqarorlikni taʼminlash, shuningdek, barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda yoshlarning rolini oshirish masalalari yuzasidan fikr va tajriba almashadi.
Shuningdek, konferensiya doirasida Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda parlamentlararo hamkorlikka bag‘ishlangan III global forum ham tashkil etiladi.
Bugungi kunda dunyoda jadal o‘zgarishlar, yangi xavf va tahdidlar kuzatilayotgan bir sharoitda yoshlarning qaror qabul qilish jarayonlaridagi ishtirokini taʼminlash, salohiyati va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda. Shu nuqtai nazardan, mazkur konferensiya yosh parlament aʼzolari uchun nafaqat tajriba va fikr almashish, balki aniq tashabbuslarni ilgari surish hamda amaliy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish uchun muhim xalqaro maydon hisoblanadi.
Samarqand shahrida o‘tkaziladigan ushbu nufuzli xalqaro anjuman O‘zbekistonning parlamentlararo muloqotni rivojlantirish, yoshlar diplomatiyasini qo‘llab-quvvatlash va global hamkorlikni mustahkamlash borasidagi faol pozitsiyasini namoyon etadi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi