Yanush Pexochinskiy: O‘zbekiston Markaziy Osiyoning muhim transport-logistika va investitsiya markaziga aylanib bormoqda
Avgust 28, 2026. 20:30 • 3 daq
• 83
VARSHAVA, 28-avgust. /“Dunyo” AA/. Polsha–Osiyo savdo-sanoat palatasi prezidenti Yanush Pexochinskiy mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligi arafasida “Dunyo” AA orqali yurtdoshlarimizga o‘zining samimiy tabrigi va ezgu tilaklarini yo‘lladi.
– Bugun O‘zbekiston xalqaro maydonda tobora ko‘proq qiziqish uyg‘otayotgan va o‘z o‘rnini mustahkamlab borayotgan mamlakatga aylanmoqda. So‘nggi yillarda iqtisodiyotda barqaror o‘sish surʼatlari kuzatilib, YAIM o‘sishi 6–6,5 foizni tashkil etmoqda.
Albatta, bu jarayonda davlat rahbari tomonidan amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning o‘rni katta. Shu bilan birga, yosh va salohiyatli aholi, iqtisodiyotni modernizatsiya qilish uchun yaratilgan sharoit, nisbatan raqobatbardosh ishchi kuchi hamda boy xomashyo bazasi muhim zamin yaratmoqda.
Ayniqsa, IT va sunʼiy intellekt sohalarining jadal rivojlanishi O‘zbekistonning yangi iqtisodiy ustuvorliklaridan biriga aylandi. Axborot texnologiyalari va raqamli xizmatlar eksporti kengayib, malakali kadrlar salohiyati ortib bormoqda. 2025 yilda IT xizmatlari eksportining 1 milliard dollardan oshgani mamlakatning raqamli iqtisodiyotdagi imkoniyatlari yuqori ekanini ko‘rsatadi.
O‘zbekistonda xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, investitsiya muhitini yaxshilash va xususiy sektor uchun qulay sharoitlar yaratish borasidagi islohotlar ham mamlakatning iqtisodiy jozibadorligini oshirmoqda. Toshkent xalqaro investitsiya forumi xorijiy investorlar, xalqaro moliya institutlari va yirik kompaniyalar bilan muloqot qilishning muhim platformasiga aylandi. Tarixiy-madaniy meros, transport infratuzilmasi va sayyohlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar O‘zbekistonning Markaziy Osiyodagi muhim turizm markazi sifatidagi mavqeini mustahkamlamoqda.
Mamlakatning tashqi siyosatida ham ochiqlik, pragmatizm va ko‘p vektorli yondashuv ustuvor ahamiyat kasb etmoqda. Qo‘shni davlatlar bilan yaxshi qo‘shnichilik va o‘zaro ishonchni mustahkamlash, chegara, suv resurslari, transport-kommunikatsiya va xavfsizlik masalalarini muloqot orqali hal etish O‘zbekistonning mintaqaviy barqarorlikka qo‘shayotgan hissasini oshirmoqda.
O‘zbekistonning Yevropa Ittifoqi bilan savdo, investitsiya, transport-logistika, energetika, qishloq xo‘jaligi, turizm, taʼlim va ilmiy almashinuv sohalarida hamkorlikni kengaytirish imkoniyatlari katta. Bu jarayonda Polsha muhim sherik sifatida alohida o‘rin tutadi.
Polshadagi transport-logistika, energetika, agrar va oziq-ovqat sanoati, elektron tijorat hamda Yevropa bozoriga chiqish bo‘yicha tajriba O‘zbekiston uchun amaliy ahamiyatga ega. Qo‘shma korxonalar tashkil etish, investitsiyalarni jalb qilish va universitetlar o‘rtasidagi aloqalarni kuchaytirish ikki mamlakat munosabatlariga yangi mazmun bag‘ishlaydi.
Kelgusi 10–15 yilda O‘zbekistonni yosh va raqobatbardosh iqtisodiyotga ega, Markaziy Osiyoning muhim transport-logistika va investitsiya markazlaridan biri sifatida tasavvur qilish mumkin. Bunda IT, sunʼiy intellekt, sanoatni modernizatsiya qilish, avtomobilsozlik va yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish muhim o‘sish nuqtalari bo‘ladi. Geografik joylashuvi mamlakatga Yevropa va Osiyoni bog‘lovchi yangi transport koridorlarida o‘z mavqeini yana-da mustahkamlash imkonini beradi.
Fursatdan foydalanib, O‘zbekiston xalqini mustaqillikning 35 yilligi bilan chin ko‘ngildan tabriklayman.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi