Odil Reno-Basso: So‘nggi 10 yillik islohotlar O‘zbekistonni tubdan o‘zgartirdi
Avgust 28, 2026. 14:30 • 2 daq
• 137
LONDON, 28-avgust. /“Dunyo” AA/. Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidenti Odil Reno-Basso O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi arafasida “Dunyo” AA orqali O‘zbekiston xalqiga o‘zining samimiy tabrik va ezgu tilaklarini yo‘lladi:
– Bugungi kunda O‘zbekiston Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YTTB)ning Markaziy Osiyodagi eng yirik iqtisodiy hamkori hisoblanadi. Biz mamlakatdagi 218 ta loyihaga jami 7,3 milliard yevrodan ziyod sarmoya kiritdik va uning uchdan ikki qismi xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirildi. Bu raqamlar O‘zbekiston va xalqaro investorlar o‘rtasidagi ishonch muttasil mustahkamlanib borayotganidan dalolat beradi.
So‘nggi o‘n yil ichida amalga oshirilgan islohotlar O‘zbekistonning investitsiyaviy muhitini tubdan o‘zgartirdi. Xususiylashtirish, yer osti boyliklaridan foydalanish va elektr energiyasi kabi yo‘nalishlardagi yangi qonunlar iqtisodiyotni yanada rivojlantirdi. Bundan tashqari, YTTB hamraislik qiladigan Xorijiy investorlar kengashi singari yirik institutlar sarmoyadorlarning fikr va takliflari inobatga olinishini hamda amalda o‘z aksini topishini taʼminlamoqda.
O‘zbekiston Milliy investitsiya jamg‘armasi portfeliga kiruvchi kompaniyalar aksiyalarining London fond birjasida joylashtirilishi muhim bosqichlardan biri bo‘ldi. Bu mamlakat aksiyalarining xalqaro kapital bozorida ilk bor ommaviy joylashtirilishi bo‘lib, o‘tkazilayotgan islohotlar aniq va amaliy natijalar berayotganining ishonchli daliliga aylandi.
Albatta, hali yechimini kutayotgan vazifalar mavjud. Davlat korxonalari iqtisodiyotda hamon yuqori o‘rinni egallab turibdi. Infratuzilmani modernizatsiya qilishda davom etish, kapital bozorlarni kengaytirish, bank tizimini isloh qilish va korporativ boshqaruvni mustahkamlash zarur.
YTTB strategiyasi aynan mana shu ustuvor yo‘nalishlarga asoslanadi. Iqtisodiyotni takomillashtirish, mahalliy banklar orqali kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash, korporativ boshqaruvni yuksaltirish va xususiylashtirish jarayonlarini rivojlantirishga qaratilgan.
Mustaqillikning 35 yili, islohotlarning 10 yilligi muborak bo‘lsin.
Biz taraqqiyotning yangi, yanada yuksak bosqichini katta ishonch va intilish bilan kutmoqdamiz.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi