27–28-oktabr kunlari Toshkentda 8-O‘zbekiston xalqaro tog‘-kon va metallurgiya forumi – UIMF 2026 bo‘lib o‘tadi
Oktabr 26, 2026. 18:30 • 4 daq
• 106
TOSHKЕNT, 26-oktabr. /“Dunyo” AA/. 27–28-oktabr kunlari Toshkent shahridagi “O‘zekspomarkaz” milliy ko‘rgazmalar majmuasining “Kongress-xoll” zalida O‘zbekiston Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi hamda Metallurgiya uyushmasi ko‘magida 8-O‘zbekiston xalqaro tog‘-kon va metallurgiya forumi – UIMF 2026 bo‘lib o‘tadi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Forum tashkilotchilari: “Congresses of Central Asia – CCA” kompaniyasi va uning hamkori “Iteca Exhibitions”.
Tog‘-kon va metallurgiya sanoati o‘zaro uzviy bog‘liq bo‘lgan, texnologik jihatdan murakkab jarayonlarning keng majmuasini qamrab oladi. Uning asosiy yo‘nalishlari qatoriga geologiya-qidiruv ishlari, foydali qazilmalarni qazib olish va qayta ishlashning maqbul usullarini ishlab chiqish, tayyor mahsulot sifatining amaldagi standartlarga muvofiqligini nazorat qilish kiradi.
Ishlab chiqarish samaradorligini oshirishga qaratilgan ilmiy tadqiqotlar olib borish va zamonaviy texnologik yechimlarni joriy etish ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Bugungi kunda butun tarmoqning rivojlanishi ko‘p jihatdan resurslarga bog‘liq. O‘zbekiston oltin, kumush va bir qator muhim kritik minerallar zaxiralarini o‘z ichiga olgan salmoqli mineral-xomashyo salohiyatiga ega. Tarmoqning asosiy vazifalari qatoriga ishlab chiqarishni diversifikatsiya qilish, raqamli transformatsiyani amalga oshirish va investitsiyalarni jalb etish kiradi.
Ushbu vazifalarni hal etish nafaqat texnologik yechimlarni, balki tajriba almashish, professional muloqotni rivojlantirish hamda davlat, biznes va ekspertlar hamjamiyati o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashni ham talab etadi.
UIMF ekspertlar muloqoti, tarmoqni rivojlantirish strategiyalari va tendensiyalarini muhokama qilish uchun samarali platforma sifatida e’tirof etiladi. Forum har yili tog‘-kon va metallurgiya sohasi vakillarida katta qiziqish uyg‘otadi.
Joriy yilda forum “Resurslardan global imkoniyatlar sari” mavzusida bo‘lib o‘tadi. Tabiiy resurslar sanoatni rivojlantirish, innovatsiyalarni joriy etish va xalqaro ishbilarmonlik aloqalarini mustahkamlash uchun keng imkoniyatlar yaratadi. Xomashyo salohiyatidan oqilona foydalanish, zamonaviy texnologiyalarni o‘zlashtirish va ishlab chiqarish jarayonlarini modernizatsiya qilish tarmoqning raqobatbardoshligini oshirish hamda uzoq muddatli iqtisodiy o‘sish uchun mustahkam poydevor yaratishga xizmat qiladi.
Forum ishida Avstraliya, AQSh, BAA, Belgiya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Kanada, Niderlandiya, Ozarbayjon, Pokiston, Rossiya, Tojikiston, Turkiya, Fransiya, Xitoy, Yaponiya, O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston kabi 19 ta mamlakatdan 40 nafar spiker va moderator, 500 nafardan ortiq delegat ishtirok etadi.
Forumning bosh hamkori “O‘zbekiston texnologik metallar kombinati” AJ – O‘zbekistonda kritik minerallar va texnologik metallar sanoatini rivojlantirayotgan integratsiyalashgan sanoat kompaniyasidir.
Forum dasturidan 7 ta sessiya o‘rin olgan bo‘lib, asosiy mavzular qatoriga kritik minerallarning strategik roli, tog‘-kon va metallurgiya loyihalarini moliyalashtirishning yangi modellari, Mining 5.0 avtonom qazib olish tizimlari, geologiya-qidiruv ishlarida sun’iy intellektdan foydalanish, chuqur joylashgan konlarni o‘zlashtirish texnologiyalari, yangi avlod metallurgiyasi hamda sanoatda energiya samaradorligini oshirish masalalari kiradi.
Ishtirokchilar diqqat markazida xomashyo qazib olishdan yuqori texnologiyali ishlab chiqarishlarni tashkil etish va qo‘shilgan qiymat zanjirlarini shakllantirishga o‘tish, O‘zbekistonning sanoat salohiyatini rivojlantirish hamda mintaqaning xalqaro bozorlardagi raqobatbardoshligini mustahkamlash masalalari bo‘ladi.
Dasturda kritik minerallar va kelajak metallarini muhokama qilish alohida o‘rin egallaydi. Ushbu resurslar yuqori texnologiyali ishlab chiqarishni rivojlantirishda strategik ahamiyatga ega. Ishtirokchilar resurs bazasini kengaytirish, qayta ishlashning ilg‘or texnologiyalarini joriy etish hamda xalqaro sanoat kooperatsiyasini mustahkamlash imkoniyatlarini ko‘rib chiqadilar.
Dasturning alohida bo‘limi kon-metallurgiya majmuasiga kapital jalb etish, yashil moliyalashtirishni rivojlantirish hamda yirik sanoat loyihalari uchun yangi investitsiya modellarini shakllantirish masalalariga bag‘ishlanadi.
Muhokamalarda O‘zbekiston Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi, O‘zbekiston metallurgiya uyushmasi, yetakchi sanoat korxonalari, xalqaro tarmoq tashkilotlari hamda texnologik kompaniyalar vakillarining ishtirok etishi rejalashtirilgan.
Dastur spikerlari qatorida vazirning birinchi o‘rinbosari Feruza Hamidova, vazir o‘rinbosari Ural Yusupov, Kanadaning O‘zbekistondagi elchisi Kristofer Daggan, Xalqaro litiy uyushmasi vakili Astrid Karamira, “S&P Global Energy”, “Worley”, “KfW IPEX–Bank”, “ORICA”, “McKinsey & Company”, “Deloitte” va “RJLL Drilling” kompaniyalarining ekspertlari o‘rin olgan.
Global bozorlar transformatsiyasi sharoitida “UIMF 2026” tarmoqning ustuvor yo‘nalishlarini belgilash, texnologik hamkorlikni rivojlantirish hamda kelajakda O‘zbekiston tog‘-kon sanoatining raqobatbardoshligini belgilab beradigan yechimlarni izlash uchun muhim platformaga aylanmoqda.
Qo‘shimcha ma’lumot olish uchun CCA matbuot xizmatiga murojaat qiling:
Tel.: + (998 71) 237 15 54.
E-mail: uimf@cca.uz, www.uimf.uz
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi