Toshkentda 16 mamlakatdan 120 ta kompaniya ishtirokida xalqaro ko‘rgazmalar boshlandi
Noyabr 10, 2026. 16:30 • 3 daq
• 74TOSHKЕNT, 10-noyabr. /“Dunyo” AA/. Bugun poytaxtimizdagi “O‘zekspomarkaz” milliy ko‘rgazmalar majmuasida “Transport va logistika – TransLogistica Uzbekistan 2026” hamda “Umumiy xavfsizlik tizimlari – Securex Uzbekistan 2026” xalqaro ko‘rgazmalari o‘z ishini boshladi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
12-noyabrga qadar davom etadigan mazkur ko‘rgazmalar transport-logistika va xavfsizlik sohalarida faoliyat yurituvchi mahalliy hamda xorijiy kompaniyalar, ishlab chiqaruvchilar va mutaxassislarni bir maydonda jamladi.
“TransLogistica Uzbekistan” va “Securex Uzbekistan” qo‘shma ekspozitsiyasida 16 ta mamlakat – BAA, Belarus, Buyuk Britaniya, Germaniya, Gruziya, Koreya Respublikasi, Latviya, Litva, Niderlandiya, Rossiya, Tojikiston, Turkiya, Xitoy, Estoniya, O‘zbekiston va Qozog‘istondan 120 ta kompaniya va brend ishtirok etmoqda.
Ushbu tadbirni “Iteca Exhibitions” xalqaro ko‘rgazmalar kompaniyasi va uning hamkori “ICA Eurasia Group” tashkil etmoqda. Ko‘rgazmalarga yuklarni havo va avtomobil transporti orqali tashish, bojxona rasmiylashtiruvi xizmatlarini taklif etuvchi O‘zbekistonning “Fly Khiva” kompaniyasi homiylik qilmoqda.
“Asosiy maqsadimiz amalga oshirayotgan yuk tashuvlari geografiyasini yanada kengaytirish. Bunda yuklarni qaysi yo‘nalishga jo‘natish hamda manzillardan qabul qilib olish, hamkorlik qilayotgan kompaniyalar bilan erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish muhim ahamiyat kasb etadi”, – deydi “Uzbekistan Airways” AJ mutaxassisi Shahzod Sodiqov.
Milliy ekspozitsiyalar an’anaviy tarzda Belarus va Latviya tomonidan taqdim etilmoqda. Bu yil ko‘rgazmada ilk bor Estoniya va Gruziyaning milliy stendlari ham ishtirok etmoqda.
“Kompaniyamiz bosh ofisi Janubiy Koreyada joylashgan. O‘zbekiston, Qozog‘iston, Rossiya, Turkiya va boshqa mamlakatlarda ham vakolatxonalarimiz faoliyat yuritadi. Mazkur ko‘rgazmada muntazam ishtirok etib kelyapmiz. Har gal ko‘rgazmalar doirasida mijozlar safini kengaytirish, ular bilan bevosita muloqot qilish va yangi hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yishda keng imkoniyatlarga ega bo‘lamiz”, – deydi “Unico” kompaniyasi menejeri Jamshid Sodiqov.
Estoniyaning “BaltMarketConsult OÜ” kompaniyasi vakili Tatyana Yeryomina ta’kidlashicha, mazkur ko‘rgazmada kompaniya ilk bor Estoniyaning alohida milliy stendi bilan ishtirok etmoqda.
“Stendimizda jami 11 ta kompaniya ishtirok etmoqda. Ularning ayrimlari O‘zbekistonda o‘z vakolatxonalariga ega, boshqalari esa Markaziy Osiyo bozorini endi o‘rganmoqda. Umuman olganda, Markaziy Osiyo mintaqasi kompaniyalarimizda katta qiziqish uyg‘otmoqda”, – dedi Tatyana Yeryomina.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi





