Ingrid-Gabriela Xoven: O‘zbekiston bilan ko‘p yillik hamkorligimiz zamirida o‘zaro ishonch va ustuvor yo‘nalishlar mujassam
Noyabr 10, 2026. 15:30 • 2 daq
• 57
ANTALIYA, 10-noyabr. /“Dunyo” AA/. Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) boshqaruv direktori Ingrid-Gabriela Xoven “Dunyo” AA muxbiriga “Markaziy Osiyoning iqlimga chidamli landshaftlari” (CLiCA) mintaqaviy dasturining imzolanishi yuzasidan o‘z fikrlarini bildirdi:
– Biz Markaziy Osiyo davlatlari vakillaridan mintaqada iqlim o‘zgarishining jiddiy oqibatlari allaqachon sezilayotganini eshitdik. Gap qurg‘oqchilik, yerlarning degradatsiyasi va suv resurslarining o‘tkir taqchilligi haqida bormoqda.
Bularning barchasi sezilarli iqtisodiy zararlarga olib kelmoqda. Chunki mahalliy aholi atrof-muhit va o‘zlari o‘rgangan tabiiy landshaftlarning o‘zgarishiga bevosita duch kelmoqda.
Shu bois mazkur mamlakatlar bu kabi muammolarga alohida yoki faqat milliy darajada yondashish samara bermasligini anglab yetdi. Tabiiy landshaftlar va ekotizimlar o‘zaro chambarchas bog‘liq bo‘lib, davlat chegaralari bilan cheklanib qolmaydi. Binobarin, muammoni samarali hal etish birgalikdagi sa’y-harakatlarni talab qiladi.
Eng avvalo, uch mamlakat dastur doirasidagi chora-tadbirlarni birgalikda rejalashtirish, ishlab chiqish va amalga oshirish, erishilgan natijalar bo‘yicha umumiy monitoring olib borish uchun kuchlarini birlashtirdi.
Bu haqiqatan ham noyob yondashuvdir. Chunki uni hayotga tatbiq etish muayyan siyosiy iroda va jasoratni – faqat milliy doirada cheklanib qolishdan voz kechib, hamkorlar bilan birgalikda harakat qilishga tayyorlikni talab etadi.
Ish tajribamdan kelib chiqib aytishim mumkinki, bunday sa’y-harakatlar albatta o‘z samarasini beradi. Qo‘shma dastur keltiradigan natijalar har bir mamlakatning yakka tartibdagi milliy tashabbuslariga qaraganda ancha keng ko‘lamli va salmoqli bo‘ladi.
Biz O‘zbekiston bilan turli sohalarda uzoq yillik va mustahkam hamkorlik aloqalarini o‘rnatganmiz. Shu bilan birga, tabiiy resurslarni boshqarish va ularni asrab-avaylash borasidagi hamkorlik an’anaviy tarzda o‘zaro munosabatlarimizda asosiy yo‘nalishlardan birini tashkil etadi.
Biz uchun ishonchli hamkorlar va nufuzli institutlar – komissiyalar, tegishli vazirlik va idoralar hamda boshqa davlat tuzilmalari bilan hamkorlik qilish nihoyatda muhim. Biz ularning faoliyatidagi ochiqlik, izchillik va umumiy tamoyillarga sodiqlikni yuksak qadrlaymiz.
Qadriyatlarimiz biz qo‘llab-quvvatlashni maqsad qilgan yo‘nalish va vazifalar bilan hamohang bo‘lishi muhim ahamiyatga ega. Aynan mana shunday o‘zaro tushunish, ishonch va ustuvor maqsadlarning mushtarakligi O‘zbekiston bilan ko‘p yillik samarali hamkorligimiz poydevorini tashkil etadi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi