O‘zbekiston va Xakasiya turizm sohasida hamkorlikni kengaytirishga kelishib oldi
Sentabr 11, 2026. 09:30 • 2 daq
• 213
NOVOSIBIRSK, 11-sentabr. /“Dunyo” AA/. Mamlakatimizning Novosibirsk shahridagi Bosh konsulxonasi tashabbusi bilan O‘zbekiston va Xakasiya Respublikasi turizm sohasi vakillari o‘rtasida onlayn uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Muloqotda O‘zbekiston Turizm qo‘mitasi xodimlari, 20 nafardan ortiq mahalliy turoperatorlar, Xakasiya Respublikasi Iqtisodiy rivojlanish vazirligi vakillari ishtirok etdi.
Xakasiya iqtisodiy rivojlanish vaziri Roman Kovtun O‘zbekiston bilan turizm sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun keng imkoniyatlar mavjudligini taʼkidladi. Uning qayd etishicha, bugungi kunda hududda 12 ta yirik milliy turoperator va turizm sohasida faoliyat yuritayotgan 50 dan ortiq biznes vakili mavjud.
Uchrashuvda Xakasiya va O‘zbekistonning Novosibirsk shahridagi Bosh konsulxonasi o‘rtasida 2026-yilga mo‘ljallangan Hamkorlik rejasini amalga oshirish masalalari ham muhokama qilindi. Sentabr–oktabr oylarida ikki hudud turizm sohasi vakillari uchun axborot turlarini tashkil etish rejalashtirilgan.
O‘zbekiston tomoni mamlakatning sayyohlik salohiyatini taqdim etdi. Bunda yurtimizdagi xavfsizlik, til jihatidan qulay muhit va shu kabi qator imkoniyatlar haqida maʼlumot berildi.
Xakasiya vakillari Toshkent shahrida joriy yil noyabr oyida o‘tkazilishi kutilayotgan “Buyuk ipak yo‘lida turizm” xalqaro turizm yarmarkasida ishtirok etishga taklif qilindi.
Uchrashuv yakunida O‘zbekiston turoperatorlari Xakasiyalik hamkasblar bilan hamkorlik qilish hamda o‘zaro turistik yo‘nalishlarni tashkil etishga tayyor ekanini bildirdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi