Toshkent–Mavrikiy o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yiladi
Sentabr 08, 2026. 18:39 • 2 daq
• 167
TOSHKENT, 8-sentyabr. /“Dunyo” AA/. 2026-yil 26-dekabrdan ilk bor Toshkent–Mavrikiy yo‘nalishida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnov yo‘lga qo‘yiladi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
uzbektourism.uz portali maʼlumotiga ko‘ra, Toshkentda O‘zbekiston va Mavrikiy turizm biznesi vakillari o‘rtasida ikki tomonlama ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi.
Tadbir O‘zbekistonning “Prestige Travel” kompaniyasi tashabbusi bilan Turizm qo‘mitasi hamkorligida tashkil etildi. Unda Mavrikiyning yetakchi sayyohlik kompaniyalari va mehmonxona brendlari vakillari hamda mahalliy turoperatorlar ishtirok etdi.
Uchrashuv davomida qo‘shma turistik loyihalarni ishga tushirish va ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Rejaga ko‘ra, birinchi bosqichda 26-dekabr va yanvar oylarida Toshkent–Mavrikiy–Toshkent yo‘nalishida jami to‘rtta reys amalga oshiriladi. 2027-yil iyun oyidan boshlab ushbu yo‘nalishda haftasiga bir marta muntazam aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda.
Uzunligi qariyb 7 ming kilometr bo‘lgan yangi yo‘nalish O‘zbekiston turizm sohasi uchun nafaqat Afrika qitʼasida yangi bozor ochadi, balki Markaziy Osiyo va MDH mamlakatlaridan keladigan yo‘lovchilar oqimini Mavrikiyga yo‘naltirishda Toshkentning tranzit markaz sifatidagi salohiyatini ham oshiradi.
Kelajakda Qozog‘iston, Rossiya va boshqa MDH davlatlaridan kelgan sayyohlar Mavrikiyga Toshkent orqali parvoz qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Aviaqatnovlar 2026-yildan boshlab har yili iyun–avgust oylarida amalga oshiriladigan “Ochiq sayyohlik mavsumi” dasturi doirasida yo‘lga qo‘yilmoqda.
Dasturda turizm bozori ishtirokchilarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari ko‘zda tutilgan: yangi yo‘nalishlarni ochayotgan aviatashuvchilarga har bir jalb qilingan xorijiy sayyoh uchun 100 AQSh dollari miqdorida subsidiya hamda aeroport xizmatlariga 20 foizlik chegirma taqdim etiladi.
Mahalliy turoperatorlarga esa uzoq xorij mamlakatlaridan jalb qilingan har 1000 nafar sayyoh uchun 5 ming AQSh dollari miqdorida subsidiya ajratiladi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston bilan Hind okeanidagi orol-davlat – Mavrikiy o‘rtasida diplomatik munosabatlar 1999-yil 4-avgustda o‘rnatilgan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi