O‘zbekiston Prezidenti Janubiy Koreya Parlamenti spikerini qabul qildi
Dekabr 17, 2025. 15:23 • 2 daq
• 93
TOSHKENT, 17-dekabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun Janubiy Koreya va Markaziy Osiyo davlatlari parlamentlari rahbarlarining uchinchi uchrashuvida ishtirok etish uchun mamlakatimizga kelgan Koreya Respublikasi Milliy Assambleyasi spikeri U Von Shik boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, uchrashuv avvalida oliy martabali mehmon O‘zbekiston yetakchisiga Koreya Respublikasi Prezidenti Li Chje Myonning samimiy salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.
O‘zbekiston va Janubiy Koreya o‘rtasidagi alohida strategik sheriklikni, jumladan, parlamentlar hamkorligi orqali yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Siyosiy va parlamentlararo aloqalar jadal tus olgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Tovar ayirboshlash hajmi hamda Janubiy Koreyadan, birinchi navbatda, iqtisodiyotni modernizatsiya qilish va yuqori texnologiyali sanoat tarmoqlarini rivojlantirishga yo‘naltirilayotgan investitsiyalarning soni ortib bormoqda.
Gumanitar va taʼlim almashinuvlari kengaymoqda. O‘zbekistonda Janubiy Koreya yetakchi universitetlarining to‘rtta filiali, shuningdek, mamlakatimiz hududlaridagi professional taʼlim markazlari muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda.
Infratuzilmani rivojlantirish, transport va logistika, nodir metallar va o‘ta muhim xomashyoni qayta ishlash, shuningdek, qonun ijodkorligi faoliyatini raqamlashtirish va boshqaruvda ilg‘or yechimlarni joriy etish bo‘yicha kooperatsiya loyihalarini amalga oshirish qo‘llab-quvvatlandi.
Parlamentlararo hamkorlik dasturini ishlab chiqish hamda parlamentlardagi “do‘stlik guruhlari” ishini faollashtirish muhimligi taʼkidlandi.
Bo‘lajak oliy darajadagi, jumladan, “Markaziy Osiyo – Koreya Respublikasi” sammiti doirasidagi tadbirlarning kun tartibini puxta tayyorlash zarurligi qayd etildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
O'zbekiston Prezidentining Turkmanistonga amaliy tashrifi yakunlandi
O‘zbekiston Prezidenti Huquqni muhofaza qilish akademiyasiga tashrif buyurdi