O‘zbekiston Prezidenti: 2026-yil Toshkent shahri uchun “Jadal rivojlanish va aholi daromadlari o‘sishi” yili bo‘ladi
Dekabr 16, 2025. 20:55 • 7 daq
• 77
TOSHKENT, 16-dekabr. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida bugun Toshkent shahrini ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan har tomonlama rivojlantirish, shahar muhitini yaxshilash va munosib yashash sharoitlarini yaratish masalalari yuzasidan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, avvalo, poytaxtda amalga oshirilgan ishlar sarhisob qilindi. So‘nggi yillarda shaharda ulkan o‘zgarishlar ro‘y bergani taʼkidlandi.
O‘tgan to‘qqiz yilda Toshkent shahri iqtisodiyotiga 20 milliard dollardan ortiq to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya kiritildi, 5 mingga yaqin yirik loyiha ishga tushdi. Jon boshiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya 2017-yildagi 71 dollardan 2,2 ming dollarga oshdi.
Bunyodkorlik ishlari, yangi qurilgan savdo-servis va ko‘ngilochar obyektlar “tungi iqtisodiyot”ni rivojlantirdi. Tunu kun ishlaydigan savdo va xizmat ko‘rsatish obyektlarining soni 3 mingdan oshdi.
Toshkentga 1 mingta zamonaviy elektrobus va avtobus olib kelinib, 168 ta yangi yo‘nalish ochildi. Qo‘shimcha 33 kilometr metro liniyasi va 21 ta yangi stansiya qurildi. Yashnobod, Mirobod, Sergeli, Yangihayot va Yunusoboddagi 1 millionga yaqin aholiga metro xizmatlari yaqinlashdi.
Umuman, poytaxt iqtisodiyoti oxirgi to‘qqiz yilda 2,5 barobar o‘sib, joriy yil 27 milliard dollarga yetadi. Aholi jon boshiga daromad esa 4,4 ming dollardan 8,6 ming dollarga ko‘paydi.
Natijada kambag‘allik darajasi yil boshidagi 7,3 foizdan 1 foizga, ishsizlik esa 4,5 foizdan 3,5 foizga pasayadi. Yaʼni Toshkent shahrida kambag‘allik va ishsizlik tabiiy darajaga tushadi.
Toshkent shahrining doimiy aholisi har yili o‘rtacha 100 mingdan ko‘payib, 2030-yilda 3,5 milliondan oshishi kutilmoqda. Shuningdek, yalpi hududiy mahsulotni 52 milliard dollarga yetkazish, jon boshiga daromadni qariyb 2 karra oshirish reja qilingan.
Ushbu marralarga erishish uchun shahar hokimi va uning o‘rinbosarlari, 12 ta tuman hokimi tinimsiz izlanishi, shahar uy-joy fondi, transport, energetika, taʼlim va tibbiyot, servis infratuzilmalarini dunyoning zamonaviy megapolislari andozasi asosida qayta ko‘rib chiqishi zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
Shu bois, shunday megapolislarda rahbar bo‘lgan mutaxassislarni hokimga maslahatchi qilib olib kelish bo‘yicha taklif maʼqullandi. Ularning ko‘p yillik tajribasidan foydalanib, Toshkent shahrini moliya, ilg‘or texnologiyalar, madaniyat va turizm markaziga aylantirish kerakligi qayd etildi.
Davlatimiz rahbari hali yechimini kutayotgan masalalar ko‘pligini qayd etib, yangi tashabbuslarni ilgari surdi.
– Eng avvalo, shahar aholisini tashvishga solayotgan ekologiya, yuqori daromadli ish o‘rinlarini yaratish va sifatli boshqaruv masalasida shahar masʼullari yondashuvini o‘zgartirishi zarur. 2026-yil Toshkent shahri uchun “Jadal rivojlanish va aholi daromadlari o‘sishi” yili bo‘ladi. Bu g‘oyani ro‘yobga chiqarish bo‘yicha katta dastur amalga oshiriladi, – dedi Prezidentimiz.
Poytaxt tumanlari 3 ta yo‘nalishda rivojlantirilib, 2026-yilda 9 milliard dollar, ikki yilda 20 milliard dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya kiritish maqsadi belgilandi.
Xususan, Sergeli, Yangihayot, Bektemirda yuqori texnologik sanoat va logistika sohalari “o‘sish nuqtasi” bo‘ladi. Jumladan, kelasi yili Sergelida maydoni 120 ming kvadrat metr bo‘lgan 70 million dollarlik zamonaviy agrologistika va omborxona ishga tushiriladi.
Yangihayotdagi “Yangi avlod” sanoat zonasida elektrotexnika, to‘qimachilik, avtomobilsozlik va oziq-ovqat sohasida 2 milliard dollarlik loyihalar amalga oshirilmoqda. Ushbu sanoat zonasi Yangihayot va Bektemirdagi 640 gektar yer hisobidan kengaytiriladi. Buning hisobiga umumiy qiymati 3 milliard dollarlik ekologiya talablariga mos va yuqori texnologik yangi loyihalarni boshlash topshirildi.
Uchtepa, Chilonzor, Yakkasaroy, Shayxontohur va Olmazorda xizmatlar, kreativ iqtisodiyot, dizayn va turizm asosiy investitsiya yo‘nalishlariga aylanadi.
Mirzo Ulug‘bek, Yunusobod, Mirobod va Yashnobodda esa sunʼiy intellekt, startap, fintex, moliya, tibbiyot va taʼlim sohasida 1 milliard dollarlik loyihalar amalga oshiriladi.
Joriy yilda shahardagi 26 ta ko‘cha tunu kun ishlaydigan ko‘chalarga aylantirildi. Bu ko‘chalarda 1 ming 200 ta savdo-servis obyektini joylashtirish hisobiga 5 ming aholi daromadli bo‘ldi. Kelgusi yilda yana 18 ta shunday ko‘cha tashkil qilish vazifasi qo‘yildi.
Bugungi kunda poytaxtda 75 ta maktab va shuncha bog‘cha, 23 ta sport obyektlariga ehtiyoj bor.
Tuman hokimlari o‘zlari mablag‘ jalb qilib, har yili 1 tadan maktab, bog‘cha va sport obyektini qurishi, qolgan 15 tadan maktab va bog‘cha hamda 11 ta sport obyekti investitsiya dasturi doirasida qurib berilishi belgilandi.
Shu yildan Toshkent shahrining har bir tumanida 1 tadan maktabda taʼlim sifatini oshirish bo‘yicha “Toshkent tajribasi” boshlandi. Yaʼni 7-11-sinfdagi 1,5 ming o‘quvchi saralanib, ularni AT, tibbiyot, biznes, muhandislik kabi yo‘nalishlarda o‘qitish yo‘lga qo‘yildi. O‘quvchilarning fanlarni o‘zlashtirishiga qarab, o‘qituvchilariga 20 million so‘mgacha oylik maosh to‘lanyapti.
Bu tajribani kengaytirib, bunday maktablar sonini kelasi yili 24 taga, 2027-yilda esa 33 taga yetkazish vazifasi qo‘yildi.
Endi yirik megapolislar kabi poytaxtimizda ham transport tizimini yagona yondashuv asosida boshqaradigan markaz faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Bu markaz har bir ko‘cha, har bir chorrahada transport va piyodalar oqimini sunʼiy intellekt yordamida tahlil qilib, tirbandlik va yo‘l transport hodisasining oldini olish bilan shug‘ullanadi.
Kelasi yili poytaxtga kirishdagi 2 ta nazorat posti shahar tashqarisiga ko‘chadi, 3 tasi rekonstruksiya qilinadi. Bu yerlarda kamida 3,5 mingta yuk va 5,5 mingta yengil avtomobil uchun turargohlar hamda aholi uchun kempinglar barpo etiladi.
Asosiysi, bu nuqtalarga jamoat transporti tarmog‘i bog‘lanadi. Poytaxtga kelayotgan mehmonlar avtomobilini shu yerda qoldirib, tez va xavfsiz jamoat transportida harakatlanishi mumkin bo‘ladi.
Shahar hokimligiga kelgusi yilda yagona boshqaruv tizimiga ega svetoforlar bilan jihozlangan 100 ta “aqlli” chorrahani yo‘lga qo‘yish, tadbirkorlar bilan 30 mingta avtomobil to‘xtash joyi qurib, 300 ta bekatni rekonstruksiya qilish, 40 kilometr piyoda va 20 kilometr veloyo‘laklar qurish, 100 kilometr yo‘lni taʼmirlab, Yunusobod va Yashnobodda yo‘l o‘tkazgich va tonnel barpo etish topshirildi. Kelgusi yilda 200 ta elektrobus olib kelish vazifasi qo‘yildi.
Dunyoning yirik shaharlari kabi poytaxtimizda ham ekologiya masalasining dolzarbligi oshmoqda.
Poytaxtning 4 ta qismida sunʼiy ko‘l va havzalar qurish loyihalarini tayyorlab, ishlarni boshlash topshirildi. 1 iyungacha har bir tumanda 5 kilometrli 3 tadan soyali sayr ko‘chalari foydalanishga topshiriladi. Har 10 ta mahalla uchun 1 tadan yashil bog‘ barpo qilish bo‘yicha alohida dastur boshlanadi.
2026-yilda shaharda 18,5 kilometr kanal qirg‘oqlari mustahkamlanadi. Bu joylarda ham yashil hududlar va sayilgohlar tashkil qilishni hozirdan o‘ylash zarurligi qayd etildi.
Shuningdek, Bektemir, Sergeli va Yangihayotdan o‘tgan Chirchiq daryosining 16 kilometr qismini mustahkamlash hisobiga qo‘shimcha 800 gektar ochiladi. Bu yerlarda ham 200 gektarda “yashil belbog‘”, 250 gektarda ichki yo‘llar, sayilgohlar, piyoda va veloyo‘laklar qurilishi kerakligi ko‘rsatib o‘tildi.
Shahar drenaj tizimining master-rejasi ishlab chiqilib, kelgusi yildan qurilish ishlari boshlanishi eʼlon qilindi. Dastur doirasida 150 kilometr yopiq drenaj tizimini qurish, 197 kilometr kanal va kollektorlarni taʼmirlash, 63 kilometr yangi kanallar barpo qilib, shaharda salqin mikroiqlim yaratish rejalashtirilgan.
Yomg‘ir suvini yig‘adigan 17 ta inshoot barpo qilinadi. Bu suvlar daraxt va yashil hududlarni sug‘orishga ishlatiladi.
Poytaxtning barcha kommunal tashkilotlari va favqulodda xizmatlar tunu kun ishlashga o‘tib, avariyaviy holatlarning oldini olish va tezlik bilan bartaraf etish bilan shug‘ullanishi, jamoat xavfsizligini taʼminlash ishlarini kuchaytirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
– Poytaxt – davlatning siyosiy, maʼmuriy, iqtisodiy va madaniy markazi. Poytaxtni boshqarish, rivojlantirish va muhofaza qilish bo‘yicha o‘ziga xos yondashuvlar bo‘lishi kerak, – dedi Prezidentimiz.
Shu munosabat bilan Toshkent shahar kengashiga orttirib bajarilgan daromadning mahalliy byudjetga qaytariladigan qismidan 20 foizini tumanlarga taqsimlash vakolatini berish, Toshkent shahar va tuman hokimlariga mahalliy kengashlar bilan kelishgan holda bo‘sh mablag‘larni depozitga qo‘yishga ruxsat etish taklif qilindi.
Toshkent shahri faoliyatining huquqiy, iqtisodiy va tashkiliy asoslarini belgilovchi “O‘zbekiston Respublikasi poytaxtining maqomi to‘g‘risida”gi qonunni qabul qilish vaqti kelgani taʼkidlandi.
“Mahalla yettiligi”ning samarasini oshirishda poytaxt yetakchi bo‘lishi kerakligi taʼkidlandi.
2026-yildan Toshkent shahrida yangi tizim joriy qilinadi – “mahalla yettiligi” to‘liq shahar hokimligi ixtiyoriga o‘tadi.
– “Yettilik” hisobotlar bilan emas, balki odamlarning og‘irini yengil qilish bilan shug‘ullanishi zarur, – dedi Prezidentimiz.
Yig‘ilish davomida poytaxt va uning tumanlari hokimlarining hisobotlari tinglandi, tadbirkorlar bilan muloqot qilindi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
O'zbekiston Prezidentining Turkmanistonga amaliy tashrifi yakunlandi
O‘zbekiston Prezidenti Huquqni muhofaza qilish akademiyasiga tashrif buyurdi
Toshkentda yirik issiqlik taʼminoti markazi ishga tushirildi