Logo

Xitoy kompaniyasi Buxoroda 75 million dollarlik “yashil” energiya loyihasini amalga oshiradi

Mart 16, 2026. 16:11 • 2 daq

124
Xitoy kompaniyasi Buxoroda 75 million dollarlik “yashil” energiya loyihasini amalga oshiradi

SHANXAY, 17-mart. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Bosh konsulxonasida Xitoyning “Soltenia Technology Introduction” (STI) kompaniyasi prezidenti o‘rinbosari Xao Djui bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Muloqotdan ko‘zlangan asosiy maqsad — mamlakatimizda “yashil” energiya ishlab chiqarish va yuqori samarali energiya saqlash tizimlarini yaratish bo‘yicha istiqbolli loyihalarni muhokama qilishdan iborat bo‘ldi.

STI kompaniyasi quyosh issiqlik energiyasi va eritilgan tuzlardan foydalangan holda issiqlikni to‘plash texnologiyalari bo‘yicha dunyodagi yetakchi tuzilmalardan biri hisoblanadi. Uchrashuvda Xao Djui kompaniya rahbariyati Buxoro viloyatida sanoat parki uchun integratsiyalashgan issiqlik va fotoelektrik “yashil” energiya tizimini barpo etishga katta qiziqish bildirayotganini maʼlum qildi. Mazkur investitsiya loyihasining umumiy qiymati 75 million AQSH dollarini tashkil etadi.

Bundan tashqari, Xitoy tomoni O‘zbekistondagi sanoat korxonalari va obyektlarini quyosh energiyasi bilan taʼminlashga qaratilgan, qiymati 50 million dollarlik navbatdagi loyihani ham ko‘rib chiqishga tayyorligini bildirdi. Bu tizimlar energiya samaradorligini oshirish va ishlab chiqarishda ekologik toza manbalardan foydalanish ko‘lamini kengaytirishga xizmat qiladi.

Ushbu investitsiyaviy tashabbuslar O‘zbekistonning “yashil” iqtisodiyotga o‘tish strategiyasini qo‘llab-quvvatlash va hududlarning energetik mustaqilligini taʼminlashda muhim qadam bo‘lishi kutilmoqda.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish