Dehlida diplomatlar va Hindiston biznes doiralari vakillari O‘zbekistonga AKT, energetika va “yashil” texnologiyalar sohalarida investitsiyalar kiritish istiqbollarini muhokama qildi
Aprel 22, 2026. 09:30 • 2 daq
• 258
DEHLI, 22-aprel. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchixonasida axborot texnologiyalaridan tortib quyosh panellari ishlab chiqarishgacha bo‘lgan sohalarda faoliyat yurituvchi 30 dan ortiq hind tadbirkorlarini jamlagan davra suhbati bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Uchrashuvda Hindiston kompaniyalari sunʼiy intellekt, kiberxavfsizlik, elektronika, hunarmandchilik xablarini tashkil etish va boshqa sohalarda qo‘shma loyihalarni ishga tushirishga tayyor ekanini bildirdi.
Hindiston ishbilarmon doiralari vakillariga O‘zbekistondagi erkin iqtisodiy zonalar va sanoat parklarida faoliyat yuritish uchun yaratilgan qulay sharoitlar, xorijiy investorlarga taqdim etilayotgan soliq imtiyozlari va boshqa preferensiyalar, IT-parklardagi startaplarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha davlat tomonidan ko‘rilayotgan chora-tadbirlar haqida batafsil so‘zlab berildi.
Raqamli texnologiyalar va sunʼiy intellekt sohasidagi siyosatga alohida urg‘u berildi.
O‘zbekiston Markaziy Osiyo bozorlariga chiqishni istagan Hindiston IT-kompaniyalari uchun mintaqaviy xab sifatida qaralayotgani qayd etildi.
Hind tadbirkorlari energetika, raqamlashtirish, qishloq xo‘jaligi va hunarmandchilik sohalaridagi sheriklik istiqbollarini katta qiziqish bilan muhokama qildi.
Xususan, energiya samaradorligini oshirish, isteʼmolni optimallashtirish, elektr batareyalari va quyosh panellari ishlab chiqarish, ilg‘or IT-yechimlar joriy etish, kiberxavfsizlik va sunʼiy intellekt sohasida kadrlar tayyorlash va ularning malakasini oshirish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash uchun kichik texnologiyalar yaratish, tibbiy klinikalar tashkil etish, xalq hunarmandchiligi sohasida qo‘shma loyihalarni yo‘lga qo‘yish kabi dolzarb masalalarga eʼtibor qaratildi.
Tadbir doirasida bo‘lib o‘tgan “savol-javob” sessiyasida Hindiston kompaniyalari EIZlarda biznesni ro‘yxatdan o‘tkazish, IT-sohasida intellektual mulkni himoya qilish va o‘zaro munosabatlarning boshqa dolzarb kun tartibi bo‘yicha maʼlumot oldi.
Davra suhbati yakunida uning barcha ishtirokchilari mamlakatimiz poytaxtida bo‘lib o‘tadigan V Toshkent xalqaro investitsiya forumi va “ICT Week Uzbekistan 2026” haftaligiga taklifnomalar oldi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi