O‘zbekiston va Germaniya 40 ga yaqin yirik qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirmoqda
Aprel 29, 2026. 09:55 • 2 daq
• 164
TOSHKENT, 29-aprel. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari Akram Aliyev va Germaniya iqtisodiyoti Sharqiy qo‘mitasi ijrochi direktori Mixael Xarms ikki davlat o‘rtasidagi investitsiya loyihalarining joriy holati bo‘yicha onlayn muzokaralar o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
O‘zbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi (ISSV) maʼlumotiga ko‘ra, tomonlar 40 ga yaqin yirik loyihaning ijro etilish jarayonini atroflicha ko‘rib chiqdilar.
Muzokaralar qo‘shma tashabbuslarning amalga oshirilish bosqichlarini kuzatib borish va muntazam tahlil qilish tizimi bo‘lgan “German Investment Navigator” platformasi doirasida bo‘lib o‘tdi.
Platforma mexanizmlari yordamida loyihalarning joriy holati va yuzaga kelayotgan masalalar o‘rganilib, belgilangan muddatlarga rioya etish hamda jarayonlarni jadallashtirishga alohida eʼtibor qaratildi.
Ushbu uchrashuv O‘zbekiston-Germaniya ishbilarmonlar kengashining navbatdagi majlisiga tayyorgarlik ko‘rish hamda biznes vakillari o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotni mustahkamlashda muhim qadam bo‘ldi. Hamkorlar o‘zaro aloqalarni kengaytirish va yangi istiqbolli loyihalarni hayotga tatbiq etishga tayyor ekanliklarini tasdiqladilar.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi