Logo

Jenevada Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining maslahat uchrashuvi yakunlariga bag‘ishlangan tadbir o‘tkazildi

Dekabr 13, 2025. 14:59 • 2 daq

218
Jenevada Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining maslahat uchrashuvi yakunlariga bag‘ishlangan tadbir o‘tkazildi

JENEVA, 20-dekabr. /“Dunyo” AA/. BMT vakolatxonasida shu yil noyabr oyida Toshkentda bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi maslahat uchrashuvi yakunlariga bag‘ishlangan tadbir o‘tkazildi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tadbirda Markaziy Osiyo, Ozarbayjon, Armaniston, Bangladesh, Belarus, Vengriya, Yevropa Ittifoqi, Eron, Xitoy, Mo‘g‘uliston, Pokiston, Rossiya, Chexiya, Sudan, Turkiya va boshqa davlatlar vakillari ishtirok etdi.

Ishtirokchilar Toshkentda bo‘lib o‘tgan nufuzli tadbir yuqori darajada tashkil etilganini qayd etib, uchrashuvlar mazmunli va samarali bo‘lganini taʼkidladi. Muloqotlarda keng ko‘lamli masalalar, jumladan, mintaqaviy xavfsizlik, iqtisodiy hamkorlik va gumanitar tashabbuslar muhokama qilingan.

O‘zbekiston raisligida o‘tkazilgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi maslahat uchrashuvida bildirilgan tashabbuslarga alohida eʼtibor qaratildi. Jumladan, uchrashuvlarning ushbu formatini yana-da takomillashtirish, 2035-yilgacha bo‘lgan davrda mintaqaviy rivojlanish dasturini qabul qilish, umumiy investitsiya makonini yaratish, qo‘shma infratuzilma va logistika loyihalari ishlab chiqish, Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasida taʼlim va madaniy hamkorlikni rivojlantirish chora-tadbirlarini amalga oshirish kabi tashabbuslar keng tahlil etildi.

Ishtirokchilar ushbu tashabbuslar ishonchni mustahkamlash, muvofiqlashtirishni kuchaytirish va butun mintaqaning barqaror rivojlanishi uchun sharoit yaratishga xizmat qilishini taʼkidladi.

Xususan, Ozarbayjonning doimiy vakili Galeb Israfilov ushbu format davlat rahbarlariga dolzarb masalalar yuzasidan o‘z vaqtida fikr almashish, hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha pozitsiyalarni muvofiqlashtirish, mintaqada tinchlik, barqarorlik va izchil taraqqiyotni mustahkamlashga qaratilgan yechimlarni birgalikda ishlab chiqish imkonini berishini taʼkidladi. Uchrashuvlarning muntazamlik kasb etishi o‘zgaruvchan xalqaro vaziyat va transchegaraviy xatarlar kuchayib borayotgan sharoitda saʼy-harakatlarni birlashtirishda muhim omil bo‘layotgani qayd etildi.

Qozog‘istonning doimiy vakili Erjan Qazaxan maslahatlashuv formati doirasidagi hamkorlikni kengaytirish iqtisodiy kooperatsiyani chuqurlashtirish, transport jihatidan o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash, xalqaro maydonda mintaqaviy tashabbuslarni birgalikda ilgari surish, gumanitar va taʼlim aloqalarini rivojlantirishga xizmat qilishini qayd etdi. Shu nuqtai nazardan, Ozarbayjonning ushbu format ishiga jalb etilishi Markaz o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.

Tojikiston va Turkmanistonning doimiy vakillari ham maslahatlashuv mexanizmini yana-da rivojlantirish tarafdori ekanini tasdiqladi va uni institutsional mustahkamlash bo‘yicha konstruktiv ishlarni davom ettirishga tayyor ekanini bildirdi.

Shuningdek, panel munozaralarida Yevropa Ittifoqining Jenevadagi doimiy vakili Deyka Potsel so‘zga chiqdi. U Markaziy Osiyo mamlakatlarining Maslahat uchrashuvlari formatining muhimligini taʼkidlab, mintaqaviy muloqot va ishonchni mustahkamlashga salmoqli hissa qo‘shayotganini qayd etdi.

Default Avatar

Material muallifi

Nargiza Saidaliyeva

nargiza@dunyo.info

Default Avatar

Material muallifi

Maftuna Rajabbayeva

maftuna@dunyo.info

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish