O‘zbekistonning yangi elchisi Rim Papasiga ishonch yorliqlarini topshirdi
Dekabr 15, 2025. 16:52 • 6 soniya
• 343
VATIKAN, 15 dekabr. /“Dunyo” AA/. Vatikanning Havoriylar saroyida O‘zbekistonning Ispaniyadagi elchisi Farrux Tursunov Rim Papasi Lev XIVga ishonch yorliqlarini topshirdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Suhbat chog‘ida elchi O‘zbekistonda siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy sohalarda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, demokratik institutlarni mustahkamlashga qaratilgan sa’y-harakatlar haqida to‘xtalib o‘tdi. O‘zbekiston Prezidenti nomidan Rim papasiga samimiy salom va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.
Rim papasi Lev XIV O‘zbekiston Prezidenti va xalqiga chuqur hurmat-ehtiromini izhor etdi. U O‘zbekiston va Vatikan o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganidan buyon o‘tgan 33 yil davomida turli millat va din vakillari o‘rtasida do‘stlik va o‘zaro anglashuvni mustahkamlashga qaratilgan mustahkam hamkorlik salohiyati shakllanganini ta’kidladi.
Shuningdek, u Samarqandning Sharq va G‘arb dunyosiga ta’sir ko‘rsatadigan falsafiy va diniy tafakkurning yirik markazi sifatidagi ahamiyatiga alohida e’tibor berdi. O‘zbekiston an’anaviy ravishda dinlararo totuvlik va bag‘rikenglik tamoyillarini ilgari surish tarafdori ekani, bu boradagi xalqaro tashabbuslarni faol qo‘llab-quvvatlayotgani ta’kidlandi.
Uchrashuv yakunida Rim papasi Lev XIV o‘zbek xalqining gullab-yashnashi uchun ibodat qilishini ta’kidlab, O‘zbekiston va Vatikan o‘rtasidagi do‘stlik va konstruktiv hamkorlik yanada mustahkamlanishini tiladi.
Eslatib o‘tamiz, Farrux Tursunov O‘zbekistonning Ispaniyadagi elchisi hisoblanadi. 2024 yil 9 aprel kuni diplomat Ispaniya Qiroli Filipp VI ga ishonch yorliqlarini topshirgan.
Bundan tashqari, diplomat o‘rindoshlik asosida O‘zbekistonning Andorradagi elchisi hisoblanadi. 2025 yil 11 mart kuni u Andorra hamraisi, Fransiya Prezidenti Emmanuel Makronga ishonch yorliqlarini topshirgan.
Vatican Media surati
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
Pokistonning markaziy telekanallari bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi
Britaniyaning nufuzli nashriyot uyi bilan hamkorlik o‘rnatiladi
Ekspertlar o‘zbek–xitoy munosabatlari istiqboli xususida fikr almashdi