Logo

Malayziya OAV: Toshkent–Kuala-Lumpur o‘rtasida haftasiga 7 marta to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviareys amalga oshirmoqda

Dekabr 15, 2025. 16:47 • 3 daq

194
Malayziya OAV: Toshkent–Kuala-Lumpur o‘rtasida haftasiga 7 marta to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviareys amalga oshirmoqda
Malayziya OAV: Toshkent–Kuala-Lumpur o‘rtasida haftasiga 7 marta to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviareys amalga oshirmoqda

KUALA-LUMPUR, 17-dekabr. /“Dunyo” AA/. Malayziyaning nufuzli nashrlari – “Asia News Today” va “Astro Awani” axborot portallarida O‘zbekiston turizm sohasidagi islohotlar haqida maqolalar eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Maqolada taʼkidlanishicha, turizm O‘zbekiston va Malayziya o‘rtasidagi hamkorlikning muhim yo‘nalishi hisoblanadi. Ikki davlat ham iqtisodiy foyda keltiradigan va madaniy almashinuvni rag‘batlantiradigan aloqalarni kengaytirish uchun katta salohiyatni ko‘rmoqda.

O‘zbekiston va Malayziya o‘rtasidagi sayyohlik munosabatlarini mustahkamlashda ikki mamlakat fuqarolari uchun 30 kungacha vizasiz rejim joriy etilgani muhim qadam bo‘ldi.

O‘zbekiston geografik jihatdan Markaziy Osiyoning markazida, Malayziya esa strategik jihatdan Janubi-Sharqiy Osiyoda joylashgan. Ikki davlat rahbarlarining saʼy-harakatlari tufayli O‘zbekiston va Malayziya o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlar do‘stlik, o‘zaro ishonch va hurmat tamoyillari asosida barqaror rivojlanmoqda. Tarixiy va madaniy aloqalar turizm sohasidagi hamkorlikka ijobiy taʼsir ko‘rsatishda davom etmoqda.

Har ikki davlat islom olamiga mansub bo‘lib, umumiy islom madaniy merosi bilan faxrlanadi. O‘zbekistonning tarixiy shaharlari – Samarqand, Buxoro va Xiva qadimiy islom madaniyati va taʼlim markazlari bo‘lib, Malayziya, Indoneziya va Bruney-Dorussalomdan musulmon sayyohlarni o‘ziga jalb qilmoqda.

Manbalarda yozilishicha, so‘nggi yillarda O‘zbekistonda musulmon sayohatchilar uchun qulay infratuzilmani yaratish bo‘yicha qator chora-tadbirlar amalga oshirildi: yangi ibodatxona, mehmonxona va restoranlar. Samarqand va Buxoro yirik maʼnaviy va tarixiy markazlar sifatida Malayziyadan sayyohlik guruhlarini o‘ziga jalb qiladi.

Mamlakatimizning Kuala-Lumpurdagi elchixonasi O‘zbekiston Turizm qo‘mitasi hamda Malayziya Turizm, sanʼat va madaniyat vazirligi huzuridagi Islom turizm markazi bilan samarali hamkorlik qilib kelmoqda. Turizm salohiyatini yanada targ‘ib qilish maqsadida O‘zbekiston Turizm qo‘mitasi va mamlakatimiz sayyohlik kompaniyalari delegatsiyasi shu yil 4–6 sentyabr kunlari Kuala-Lumpur shahrida bo‘lib o‘tgan “MATTA Fair” ko‘rgazmasida ishtirok etdi. Unda Andijon viloyatidan kelgan ijodiy jamoalar anʼanaviy o‘zbek raqslari bilan chiqish qildi.

Materialda qayd etilishicha, respublikaga tashrif buyurayotgan malayziyalik sayyohlar soni o‘sishda davom etmoqda. 2023-yilda O‘zbekistonga qariyb 4,5 ming malayziyalik sayyoh tashrif buyurgan bo‘lsa, 2024-yilda ularning soni 9,5 mingga yetdi.

Ikki davlat o‘rtasidagi aviaqatnovlarning rivojlanishi sayyohlar oqimining o‘sishida muhim omil bo‘lmoqda. Ayni paytda “Uzbekistan Airways”, Malayziyaning “Batik Air” va “AirAsia” aviakompaniyalari Toshkent va Kuala-Lumpur o‘rtasida haftasiga 7 marta to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslarni amalga oshirmoqda. Bundan tashqari, 2025-yil 14-dekabrdan boshlab “Batik Air” Toshkent va Langkavi oroli o‘rtasida haftasiga 1 marta to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslarni amalga oshira boshlaydi.

O‘zbekiston ziyoratchilarning Saudiya Arabistoniga umra safarini davom ettirishdan oldin O‘zbekistonning muqaddas joylarini ziyorat qilishlari uchun shart-sharoit yaratadigan “Umra plyus” dasturi bo‘yicha Malayziya sayyohlik agentliklari bilan yaqindan hamkorlik qilmoqda.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Default Avatar

Material muallifi

Maftuna Rajabbayeva

maftuna@dunyo.info

Default Avatar

Material muallifi

Dunyo1

dunyo1@dunyo.uz

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish